Markaziy Osiyo — AQSH: sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari orasidan muhim minerallar va xavfsizlik masalalari o‘rin oldi

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati fotosurati

Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Qulubayev, Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hamda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Samarqandda S5+1 formatida uchrashuv o‘tkazib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi. Iqtisodiyot masalalariga, xususan, muhim minerallar sohasidagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, gap ushbu yo‘nalishdagi strategik sheriklik haqida bormoqda. U geologik qidiruv va xomashyoni qayta ishlashdan tortib, mahalliy sanoat klasterlarini tashkil etishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish siklini qamrab oladi.

Saidov ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo (MO) boy tabiiy resurslar, o‘sib borayotgan bozorlar, inson kapitali va strategik jihatdan muhim joylashuvga ega. AQSH esa ilg‘or texnologiyalarga ega, yirik investitsiyalar kiritishga va jahon miqyosidagi tadbirkorlik tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyor.

Shu bois Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH oldidagi vazifa — o‘zlarining kuchli jihatlarini birlashtirish va barcha ishtirokchi davlatlar xalqlariga manfaat keltiradigan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat, deya xulosa qiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri.

S5+1 formatidagi vazirlar uchrashuvi yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot imzolandi. Unda bunday formatdagi ilk tadbir bundan 10 yildan ortiq vaqt oldin, 2015 yilda o‘tkazilgani qayd etildi. O‘shanda muzokaralar barcha ishtirokchi davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga o‘zaro hurmat tamoyiliga asoslangan diplomatik platformani rivojlantirishda muhim qadam bo‘lgan edi.

Bugun esa Markaziy Osiyo vakillari AQSH ko‘magida jahon iqtisodiyoti markazidagi o‘rinlarini qayta tiklashga intilmoqda. Shu munosabat bilan Transkaspiy savdo yo‘nalishini rivojlantirish choralarini ko‘rish zarur. Bu Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi tovar aylanmasi hamda investitsiyalar hajmini oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Bundan tashqari, raqobatbardosh mintaqaviy bozorni shakllantirish uchun transport infratuzilmasi, bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish va sanoatni mustahkamlash masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozim.

Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning xususiy sektori hamda davlat organlari o‘rtasidagi muloqot platformasi — B5+1 formatiga ham muhim ahamiyat berilmoqda. Ushbu platforma doirasida Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan Amerika kompaniyalari uchun o‘zaro manfaatli yangi tijorat imkoniyatlari yaratilmoqda, shuningdek, Markaziy Osiyo tadbirkorlarining AQSH bozoriga chiqishi osonlashtirilmoqda.

«Amerikaning texnologik salohiyati hamda Markaziy Osiyoda jadal rivojlanayotgan texnologiya tarmoqlaridan foydalanish orqali biz elektron tijorat ravnaq topadigan, innovatsion yechimlar keng qo‘llaniladigan va iqtidorli tadbirkorlar muvaffaqiyatga erishadigan mintaqani shakllantirishga intilamiz », — deyiladi S5+1 formatidagi vazirlar uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Qo‘shma bayonotda.

Xavfsizlik masalalariga ham katta e’tibor qaratildi. Bu sohada sheriklikni mustahkamlash Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH xalqlariga manfaat keltiradi. Shuning uchun muloqotda ishtirok etayotgan barcha davlatlar hukumatlari terrorizm va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda sa’y-harakatlarini birlashtirishi, shuningdek, chegaralar xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratishi lozim.

Bundan tashqari, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, qurol-yarog‘ va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Jadal rivojlanayotgan raqamli davrda kiberxavfsizlikka tahdidlarga ham alohida e’tibor qaratish zarur.

Qo‘shma bayonotda tomonlarning kasbiy, madaniy va ta’lim sohalaridagi almashinuvni kengaytirish, qadimiy yodgorliklarni saqlash va himoya qilishda yangi texnologiyalardan foydalanish, shuningdek, jahon miqyosida yetakchi o‘rinlarni egallashga tayyor mutaxassislarni tayyorlashga intilishi ham qayd etilgan.

«Turizm va kreativ iqtisodiyot kabi madaniy sohalarda biznes aloqalarimizni rivojlantirish orqali o‘tmish merosini e’zozlagan holda kelajak kasblari va yangi ish o‘rinlarini yaratamiz. Umumiy tajribamizdan olingan saboqlarga tayangan holda, birgalikda yanada farovon kelajakni barpo etamiz», — deyiladi hujjatda.