YUNЕSKO shtab-kvartirasida Movarounnahr allomalarining ilmiy merosi taqdim etildi

YUNЕSKOda Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimoti. ITSM fotosurati

Parijdagi YUNЕSKO shtab-kvartirasida «Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda 300 nafardan ortiq olimlar, diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (ITSM) matbuot xizmati xabar berdi.

Ishtirokchilar Markaziy Osiyo olimlarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, tarixiy-madaniy merosni asrash, manbalarni raqamlashtirish, shuningdek, ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalarida xalqaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Konferensiya Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekistonning YUNЕSKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi, YUNЕSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov konferensiya o‘tkazilishini O‘zbekiston prezidentining 2025 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi bilan bog‘ladi.

« O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish zarurligini ta’kidlab, ushbu bebaho merosni jahon hamjamiyatiga yetakchi xalqaro maydonlarda — Parijdagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida hamda BMTning Jeneva va Nyu-Yorkdagi maydonlarida taqdim etish tashabbusini ilgari surgan edi. Bugun Parijda o‘tkazilayotgan konferensiya ushbu keng ko‘lamli tashabbusni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir», — dedi Abduxoliqov.

Konferensiyaning asosiy voqealaridan biri Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti bo‘ldi. Ishtirokchilarga markazning muzey va ilmiy faoliyati, noyob qo‘lyozmalar hamda tarixiy artefaktlarni saqlashga qaratilgan loyihalari, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhon Nizomiy Markaziy Osiyoning tarixiy va madaniy merosiga e’tibor qaratdi.

« O‘zbekistonning tarixiy ko‘chalari bo‘ylab yurar ekanmiz, biz shunchaki go‘zal binolar va qadimiy yodgorliklarni emas, balki yuksak va jo‘shqin madaniyat, ijod, yaqin aloqalar hamda madaniy almashinuvning guvohlarini ham ko‘ramiz», — dedi u.

ISESCO bosh direktori doktor Salim Al-Malik Islom sivilizatsiyasi markazini xalqaro maydonlarda taqdim etish O‘zbekistonga tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘lmagan insonlarga ham uning faoliyati bilan tanishish imkonini berishini ta’kidladi.

« Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro maydonda, xususan YUNЕSKOda taqdim etilishi juda muhim. O‘zbekistonga borib, markazni ko‘rish imkoniga ega bo‘lmagan insonlar, hech bo‘lmaganda uni YUNЕSKOda ko‘rishlari mumkin. Bu orqali Islom sivilizatsiyasining tinchlik, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi namoyon etilmoqda. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasini doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgan O‘zbekiston Prezidenti, janob oliylari Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman», — dedi al-Malik.

Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan ham Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ahamiyatini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, markaz Markaziy Osiyodagi, ehtimol, butun dunyodagi eng yirik madaniy va muzey majmualaridan biri hisoblanadi.

« U uzoq vaqt davomida yetarlicha ma’lum bo‘lmagan islomiy ilmiy va madaniy merosning beqiyos boyligini ochib berish, uni keng targ‘ib etishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan», — dedi Bressan.

Konferensiyaning ilmiy dasturi uchta mavzuli sessiyani qamrab oldi. Ularda Markaziy Osiyoning ma’naviy va intellektual merosi, Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-madaniy maydon sifatidagi faoliyati hamda Movarounnahr olimlarining jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi muhokama qilindi.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuvlar va tarixiy manbalarni raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyada Oksford islom tadqiqotlari markazi, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), «Al-Furqon» islom merosi jamg‘armasi, Islom hamkorlik tashkiloti, Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi, shuningdek, O‘zbekistonning ilmiy va davlat muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir yakunida YUNЕSKO shtab-kvartirasida diplomatlar, olimlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida qabul marosimi o‘tkazildi. Unda YUNЕSKO bosh direktori Xolid al-Ananiy ham qatnashdi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.