Belgiya qirollik jufti Markaziy Osiyoga ilk tashrifini amalga oshirmoqda: safar Qozog‘istondan boshlandi

Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Belgiya qiroli Filipp va qirolicha Matilda 12 oktyabr kuni davlat tashrifi bilan Ostonaga keldi. Ular Oqo‘rda qarorgohida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan kutib olindi. Tashrif 14 oktyabrga qadar davom etadi va Belgiya monarxlarining Markaziy Osiyoga ilk davlat tashrifi hisoblanadi.

Kazinform ma’lumotlariga ko‘ra, qirollik juftining tashrifi munosabati bilan faxriy qorovul saf tortdi, prezident orkestri esa ikki mamlakat davlat madhiyalarini ijro etdi. Monarxlar samolyoti Qozog‘iston havo hududiga kirganida mamlakat Harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari unga hamrohlik qildi.

Belgiya delegatsiyasi tarkibidan hukumat, ishbilarmon doiralar, universitetlar va ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rin olgan. Tashrif dasturidan oliy darajadagi muzokaralar, «Qozog‘iston — Belgiya» ishbilarmonlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi, ikki mamlakat universitetlari rektorlari forumi, shuningdek, Ostona va Olmaotadagi tadbirlar o‘rin olgan. Tashrif yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilinishi va ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri savdo va investitsiyalar bo‘ladi. Belgiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2016 yildagi 220 million yevrodan 2025 yilda 765 million yevrogacha oshgan. Ayni paytda Qozog‘istonda kimyo, biofarmatsevtika va energetika sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalarni ham o‘z ichiga olgan 100 dan ortiq Belgiya kompaniyasi ishlamoqda.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida transport va logistika, muhim mineral resurslar, qayta tiklanuvchi energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va sun’iy intellekt ham qayd etilmoqda. Qozog‘iston uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardan biri bo‘lgan Belgiya bilan aloqalarni rivojlantirish Yevropa investitsiyalarini jalb qilish va tashqi iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.

Ostona Yevropa demokratik davlatlari bilan munosabatlarni mustahkamlash, ularning sarmoyasi va texnologiyalarini jalb qilish, savdo hajmini kengaytirish hamda tashqi siyosatda mustaqilligini namoyish etishga izchil intilib kelmoqda. Biroq, ko‘p vektorli tashqi siyosat haqidagi diplomatik bayonotlar ortida jiddiy ziddiyat ko‘zga tashlanadi: Yevropa davlatlari bilan hamkorlik Qozog‘istonning Rossiya kuch ishlatar tuzilmalari manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan qarorlar qabul qilishiga to‘sqinlik qilmayapti.

Bu ziddiyat, ayniqsa, Rossiya fuqarolari Mansur Movlayev va Yuliya Yemelyanova bilan bog‘liq ishlar misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Qozog‘iston ularga boshpana berishni rad etganidan so‘ng, har ikki shaxs Rossiya hukumatiga topshirilish xavfi ostida qolgan.

Chechenistonda tug‘ilgan Movlayev 2025 yil may oyidan buyon Olmaotada hibsda saqlanmoqda. Rossiya tomoni uni tovlamachilikda ayblab, ekstraditsiya qilishni talab qilmoqda, biroq Movlayev bu ayblovni rad etmoqda. Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, u avvalroq chechen kuch ishlatar tuzilmalari tomonidan o‘g‘irlab ketish, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish va qiynoqlarga solish holatlariga duchor bo‘lgan. 2026 yil fevral oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi individual shikoyat ko‘rib chiqilguniga qadar uni Rossiyaga topshirmaslikni talab qildi. Shunga qaramay, 10 sentyabr kuni Qozog‘iston kassatsiya sudi unga boshpana berishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni o‘z kuchida qoldirdi. Bu esa uni ekstraditsiya qilish ehtimolini oshiradi.

Yuliya Yemelyanova ham Qozog‘iston hukumati unga boshpana berishni rad etganidan so‘ng Rossiyaga topshirilish xavfiga duch keldi. U ikki boshqa mamlakat o‘rtasidagi tranzit parvoz vaqtida Olmaota aeroportida hibsga olingan. 2026 yil 24 sentyabr kuni kassatsiya sudi boshpana berishni rad etish haqidagi qarorni tasdiqlab, uni ekstraditsiya qilishga yo‘l ochdi.

Har ikki ish xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarning 5 oktyabr kuni e’lon qilingan qo‘shma murojaatida batafsil yoritilgan. Murojaatni Xalqaro inson huquqlari bo‘yicha hamkorlik tashkiloti (IPHR), Qozog‘iston Xalqaro inson huquqlari va qonuniylikka rioya etish byurosi, Freedom for Eurasia hamda Xelsinki inson huquqlari jamg‘armasi imzolagan. Huquq himoyachilari har ikki shaxs Rossiyaga qaytarilgan taqdirda qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa shakllariga duch kelish xavfi borligidan ogohlantirmoqda. Movlayevga nisbatan esa uning hayotiga tahdid mavjudligi ham ta’kidlanmoqda.

Bu holatlar Qozog‘istonning tashqi siyosiy bayonotlari bilan Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlik qilish amaliyoti o‘rtasida jiddiy tafovut borligi haqida gapirishga asos bo‘ladi. Ostona Yevropa davlatlari bilan sheriklikni rivojlantirayotgan bir paytda, Movlayev va Yemelyanova ishlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar amalda Rossiya hududidan tashqarida himoya izlayotgan shaxslarning transchegaraviy ta’qib qilinishi uchun sharoit yaratmoqda.

Qozog‘istonning yevropalik hamkorlari uchun bu nafaqat inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga rioya etish masalasi, balki Ostona e’lon qilayotgan ko‘p vektorli siyosat Moskvadan haqiqiy mustaqillikni anglatadimi-yo‘qmi, degan savolga ham javobdir. Yevropa bilan iqtisodiy yaqinlashuvning o‘zi Rossiyadan siyosiy jihatdan masofa saqlanishini kafolatlamaydi. Bu, ayniqsa, kuch ishlatar idoralar o‘rtasidagi hamkorlik va ta’qibga uchrash xavfi mavjud bo‘lgan insonlarning taqdiri bilan bog‘liq masalalarda yaqqol ko‘rinadi.