Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi «Yandeks» servislarida yuzaga kelgan uzilishlar sababini tushuntirib berdi

Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Qozog‘iston Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi Rossiyada kompaniya serverlariga qilingan hujumdan so‘ng mamlakatda «Yandeks»ning ayrim servislari ishida kuzatilgan uzilishlarga izoh berdi. Vazirlik matbuot bayonotida kompaniyaning .kz domenidagi mahsulotlariga xizmat ko‘rsatuvchi serverlar mamlakat hududida joylashtirilishi kerakligiga oid qozog‘istonliklarning e’tirozlariga javob berdi.

Vazirlik Qozog‘iston foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan serverlar respublika hududida joylashgani va me’yoriy tartibda ishlayotganini ma’lum qildi. Biroq, bu «Yandeks»ning butun infratuzilmasi Qozog‘istonda joylashganini anglatmaydi.

«Taksi va yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan ayrim komponentlar Qozog‘istondan tashqarida joylashgan», — deya izoh berdi Raqamli rivojlanish vazirligi.

Ayni paytda «Yandeks» servislar faoliyatini tiklash ishlarini olib bormoqda. Vazirlik zarur yordam ko‘rsatish maqsadida kompaniya va Qozog‘istonning infratuzilma tashkilotlari bilan hamkorlik qilmoqda.

«Shu bilan birga, boshqa taksi va yetkazib berish platformalari bilan ham yuklama ortishi sharoitida ularning barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda», — deya qo‘shimcha qiladi vazirlik.

2023 yil dekabr oyida Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Yandeks» mahalliy qonunchilik talablariga muvofiq, serverlarini mamlakat hududida joylashtirgani haqida hisobot bergan edi. «Endi yandex.kz mamlakat hududida joylashgan serverlarda ishlaydi», — deyilgan edi o‘shanda vazirlik xabarida.

11 oktyabr kuni uchuvchisiz uchish apparati Moskvadan taxminan 180 kilometr uzoqlikda joylashgan Vladimir shahridagi «Yandeks» ma’lumotlar markazi infratuzilmasiga zarar yetkazdi. Markaz faoliyati butunlay to‘xtatildi. Bu bir hafta ichida Rossiyadagi «Yandeks» ma’lumotlar markazlariga berilgan uchinchi zarba bo‘ldi. 8 oktyabrga o‘tar kechasi dron Ryazan viloyatining Sasovo shahridagi ma’lumotlar markaziga zarar yetkazgan, 9 oktyabr kuni esa kompaniya Kaluga viloyatidagi obyektiga hujum qilinganini ma’lum qilgan edi.

Uskunalarning shikastlanishi kompaniya servislari ishida Rossiyada, shuningdek, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston kabi bir qator mamlakatlarda uzilishlarga olib keldi. Mahalliy aholi taksi buyurtma qilish, tayyor ovqat va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish xizmatlaridan foydalanishda muammolar yuzaga kelganidan shikoyat qildi.