BMT qo‘mitasi Qozog‘istonga Mansur Movlayevni Rossiyaga berish taqiqlanganini eslatdi

Mansur Movlayev. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi Rossiyaga ekstraditsiya qilinishi xavfi ostida bo‘lgan faol Mansur Movlayev ishi bo‘yicha qabul qilingan shoshilinch vaqtinchalik choralar hanuz amal qilayotganini Qozog‘iston hukumatiga eslatdi, deb xabar beradi KazTAG.

«Bosh prokuraturaning pozitsiyasi BMT Inson huquqlari qo‘mitasining amaldagi vaqtinchalik choralariga qaramay, Mansurni ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi qaror ijro etilishi mumkinligiga oid real xavfni yuzaga keltirdi. Qo‘mita endi Qozog‘istonga ushbu choralar hanuz kuchda ekanini bevosita eslatdi va ularni bajarmaslikning xalqaro huquqiy oqibatlariga alohida ishora qildi. Biz Qozog‘iston hukumati xalqaro majburiyatlarga rioya qilishi va Qo‘mita uning shikoyatini ko‘rib chiqishni yakunlamaguniga qadar Mansurni Rossiya Federatsiyasiga topshirishiga yo‘l qo‘ymasligini kutmoqdamiz», — dedi Movlayevning xalqaro jarayonlardagi manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Vadim Drozdov agentlikka.

Drozdovning so‘zlariga ko‘ra, 2 oktyabr kuni u BMTning Inson huquqlari qo‘mitasiga shoshilinch murojaat yo‘llab, unda Qozog‘iston Bosh prokuraturasining pozitsiyasini ma’lum qilgan va Movlayevning Rossiyaga ekstraditsiya qilinishi borasida bevosita xavf mavjudligini ko‘rsatgan.

Murojaatga 1 oktyabr kuni Qozog‘iston Bosh prokuraturasi bergan javob sabab bo‘lgan. O‘shanda mahkama Movlayevga qochqin maqomini berish masalasi bo‘yicha ish yuritish yakunlanganini va uni Rossiyaga topshirishga to‘sqinlik qiladigan huquqiy asoslarni ko‘rmayotganini ma’lum qilgandi.

5 oktyabr kuni BMT qo‘mitasi Drozdovga maktub yo‘llab, avval qabul qilingan vaqtinchalik choralar hanuz kuchda ekanini tasdiqlagan (maktub KazTAG tahririyati ixtiyorida mavjud).

Qo‘mita, shuningdek, ushbu choralarni bajarmaslik Qozog‘istonning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning Fakultativ protokoli bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzgan, deb tan olinishiga olib kelishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Avvalroq, BMTning Rossiyadagi inson huquqlari holati masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Mariana Katsarova etnik chechen, Rossiya fuqarosi Mansur Movlayev Rossiyaga qaytarilgan taqdirda qiynoq, shafqatsiz muomala va sudsiz qatlning real hamda muqarrar xavfiga duch kelishini aytgan edi.

👉 Mansur Movlayev Ramzan Qodirov rejimiga qarshi chiqqan muxolifatdagi «Adat» harakati ishtirokchisi. 2020 yili faol Rossiyada giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi ishi doirasida sudlangan. Chechen faollari mazkur ish soxtalashtirilganini ta’kidlashadi.

2022 yilda muddatidan oldin shartli ozod qilinganidan so‘ng Movlayevning aytishicha, uni chechen politsiya xodimlari o‘g‘irlab ketgan va maxfiy qamoqxonada saqlagan. Keyinchalik u Qirg‘izistonga, u yerdan esa Qozog‘istonga qochib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Bu orada Rossiyada u ekstremizm bo‘yicha ish doirasida federal qidiruvga berilgan.

2025 yil may oyida faol Moskva so‘roviga asosan Olmaotada qo‘lga olinib, ekstraditsiya maqsadida qamoqqa olingan. Movlayev Qozog‘istonda qochqin maqomini olishga harakat qilgan, biroq rad javobini olgan. 23 fevral kuni BMT Inson huquqlari qo‘mitasi uning shikoyatini ro‘yxatga olgan va Qozog‘istonni murojaat ko‘rib chiqilguniga qadar faolni Rossiyaga ekstraditsiya qilishdan tiyilishga chaqirgan.

Qamoqda bo‘lgan paytida Movlayev ikki marta o‘z joniga qasd qilishga uringan. Uning o‘lim oldidan qoldirgan maktubida faol o‘z qarorini Rossiyaga ehtimoliy ekstraditsiya qilinishi bilan bog‘lagan.