Kreml Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bergan bahosini yuqori qadrlashini bildirdi. Bu haqda Rossiya davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma’lum qildi, deb xabar beradi RIA Novosti.
«Albatta, biz bu bahoni juda yuqori qadrlaymiz va Qozog‘iston prezidentiga Putinga bergan bahosi uchun minnatdormiz. Darhaqiqat, biz Qozog‘iston bilan munosabatlarimizni, ikki tomonlama aloqalarimizni juda qadrlaymiz», — dedi Peskov.
TASS xabar berishicha, Peskov ikki prezidentning shaxsiy munosabatlarini yaqin, konstruktiv va ishonchli deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu munosabatlar ularga xalqaro kun tartibidagi eng murakkab masalalarni, jumladan, Ukrainadagi mojaroni hal etish bilan bog‘liq masalalarni ham muhokama qilish imkonini beradi.
Avvalroq To‘qayev Mers bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida Putinni o‘z fikriga ko‘ra, Qozog‘iston, Markaziy Osiyo, Yevropa va butun dunyo uchun eng maqbul siyosiy shaxs deb atagan edi. To‘qayev Rossiya prezidenti «murakkab tarixga ega mamlakati oldida turgan strategik maqsadlarni o‘ziga xos tarzda anglaydigan ulkan davlat rahbari uchun zarur bo‘lgan eng muhim fazilatlarga ega», deb ta’kidlagandi.
Shu matbuot anjumanida Qozog‘iston rahbari Ukraina hududidagi mojaroni yana bir bor muzlatishga chaqirib, bu «diplomatik yoki boshqa turdagi muzokaralar jarayoniga o‘tish» imkonini berishini aytgan.
Bundan avval To‘qayev shu kabi chaqiriq bilan joriy yil iyul oyida Omskda Putin bilan uchrashuvi chog‘ida chiqqan edi. Bunga javoban Rossiya rahbari unga harbiy operatsiyaning borishi haqida batafsil ma’lumot bergan. O‘shanda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyev pozitsiyasini hisobga olgan holda, «amalda muzlatishning iloji yo‘q»ligini ta’kidlagan edi.



