Japarov Qirg‘izistonda migratsiya masalalari bo‘yicha yagona organ tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi

eltr.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Mehnat vazirligi tarkibida Migratsiya masalalari departamentini tashkil etish hamda unga boshqa ikki idoraning bir qator vakolatlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Farmonga muvofiq, Tashqi ishlar vazirligi Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vazirligiga xorijiy fuqarolarning mamlakatga kirishi, yashashi va mehnat faoliyatini amalga oshirishi bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish va berish funksiyalarini topshiradi.

Gap yagona ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish haqida bormoqda. Mazkur hujjat chet el fuqarolari uchun alohida ishlash ruxsatnomasi, xorijiy ishchi kuchini jalb qilish ruxsatnomasi hamda mehnat vizasining o‘rnini bosadi. Shuningdek, Qirg‘iziston rezident-kartasini rasmiylashtirish va berish hamda tegishli axborot tizimlarini yuritish vakolatlari ham mazkur vazirlikka o‘tkaziladi.

Shuningdek, prezident Administratsiyasi huzuridagi «Kizmat» davlat muassasasining funksiyalari ham Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vazirligiga o‘tkaziladi. Ular qatoriga yashash uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish, fuqarolik masalalarini ko‘rib chiqish, shuningdek, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni turgan joyi hamda yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga olish kiradi.

Ushbu funksiyalarning barchasi yagona organ — Migratsiya masalalari departamentida jamlanadi.

«Kabar» agentligi ta’kidlashicha, hozirda xorijiy fuqaro hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun bir vaqtning o‘zida Tashqi ishlar vazirligi, Mehnat vazirligi yoki «Kizmat»ga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi. Bir shaxsga oid ma’lumotlar turli tizimlarda alohida yuritiladi. Farmonning asosiy maqsadi — davlat organlari funksiyalarining takrorlanishini bartaraf etish va xizmatlar ko‘rsatishni soddalashtirishdan iborat.

«Yagona ruxsatnoma, rezident-karta, yashash uchun ruxsatnoma berish va xorijiy fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish kabi funksiyalarni bitta departamentda jamlash idoralar o‘rtasidagi funksiyalar takrorlanishini qisqartiradi. Mas’uliyatning bitta organ zimmasida bo‘lishi va fuqarolarning bir vaqtning o‘zida bir nechta idoraga murojaat qilishiga hojat qolmasligi juda to‘g‘ri», — dedi Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati, Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi raisi Elvira Surabaldiyeva.

Uning qo‘shimcha qilishicha, migratsiya masalalarini ko‘rib chiqish jarayonida uning qo‘mitasi turli idoralarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Deputatning fikricha, funksiyalarni bir joyda jamlash ishlarni tizimli va mas’uliyatli tashkil etish imkonini beradi.

Islohot migratsiya oqimlarining sezilarli darajada o‘sishi fonida amalga oshirilmoqda. Chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Qirg‘izistonga qariyb 21 million nafar chket el fuqarosi kirgan — bu 2024 yilga nisbatan 18,6 foizga ko‘p. 2025 yilda xorijiy ishchi kuchini jalb qilish kvotasi 25 ming nafardan 42 ming nafarga oshirilgan. Bunda eng katta ulushni Xitoy (40 foiz), Bangladesh (24 foiz) va Pokiston (17 foiz) fuqarolari tashkil etgan.

2026 yil uchun kvota 100 ming nafargacha oshirildi. Iyul oyi o‘rtalariga kelib, Qirg‘iziston ushbu kvota doirasida qariyb 61 mingta mehnat vizasi bergan. Berilgan vizalarning qariyb 60 foizi Xitoy fuqarolariga tegishli bo‘lib, ular Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalariga jalb etilmoqda.