O‘zbekiston hukumati va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) 2026–2029 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli hamkorlik dasturini imzoladi. Hujjat qator tashabbuslarni umumiy qiymati 5 milliard dollargacha bo‘lgan mablag‘ bilan moliyalashtirish imkoniyatini nazarda tutadi. Bu haqda «Gazeta.uz» xalqaro moliya instituti vakillariga tayanib xabar berdi.
Hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv OIIBning Qatar poytaxti Dohada o‘tkazilgan yillik yig‘ilishi doirasida imzolandi. Bank tomonidan hujjatni mintaqada davlat sektori, shuningdek, mijozlarni loyihaviy va korporativ moliyalashtirish bo‘yicha investitsiya yo‘nalishi rahbari Konstantin Limitovskiy, O‘zbekiston hukumati tomonidan esa Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Shohrux G‘ulomov imzoladi.
Yaqin bir necha yilga mo‘ljallangan yangilangan harakatlar dasturi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ro‘yxatini o‘z ichiga olgan. Xususan, gap Markaziy Osiyo respublikasida bankning bevosita ishtirokida amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalari haqida bormoqda.
«OIIBning ta’sischi a’zolaridan biri sifatida O‘zbekiston har doim ishonchli va mustahkam hamkor bo‘lib kelgan. Mamlakatning investitsiya loyihalari ro‘yxati milliy ustuvor yo‘nalishlarni aniq aks ettiradi», — dedi Limitovskiy.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, o‘z navbatida, O‘zbekiston mintaqada OIIBning eng yirik hamkori ekanini ta’kidladi.
«Yangilangan dastur orqali hamkorligimizni yanada mustahkamlash, ko‘proq xususiy investorlarni jalb qilish va umumiy rejalarimizni aniq loyihalarga tezroq aylantirishga umid qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi vazir.
Bundan tashqari, Dohada tomonlar Markaziy Osiyo respublikasiga OIIBning Loyihalarni tayyorlash maxsus jamg‘armasidan 1,5 milliard dollar miqdorida grant ajratish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladilar. Mablag‘lar «O‘zbekiston elektr uzatish tizimining barqarorligini oshirish» tashabbusini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Ta’kidlanishicha, mablag‘lar texnik tadqiqotlar va boshqa ishlarga sarflanadi, ular kelgusidagi investitsiya loyihasi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur tashabbusning maqsadi elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, ularning ishonchliligi va iqlim xavf-xatarlariga bardoshliligini yuksaltirish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energetika obyektlarini tarmoqqa ulash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishdan iborat. Bunda tarmoqlarning ustuvor uchastkalariga, jumladan, Farg‘ona vodiysi hamda Surxondaryo va Samarqand viloyatlari o‘rtasidagi janubiy koridorga alohida e’tibor qaratiladi.
Mutaxassislar qayta tiklanuvchi manbalardan energiya ishlab chiqarish hajmining ortishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha yechimlarni belgilaydilar. 2030 yilga qadar O‘zbekiston ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish ulushini 30 foizdan 54 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda. Buning uchun elektr tarmoqlari infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish talab etiladi.



