Bishkek sudi faol Mavlyan Askarbekovni millatlararo adovat qo‘zg‘atganlik aybi bilan ikki yillik qamoq jazosiga hukm qildi

Mavlyan Askarbekov. Qirg‘iziston MSK sayti fotosurati

Bishkek shahri Lenin tuman sudi 29 sentyabr kuni faol Mavlyan Askarbekovni umumiy rejimdagi koloniyada ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Bu haqda Kaktus.media xabar berdi.

Askarbekov respublika Jinoyat kodeksining 330-moddasi — «Irqiy, etnik, milliy, diniy, millatlararo adovat (nizo) qo‘zg‘atish» bo‘yicha aybdor deb topildi. Hukm o‘qib eshittirilayotganda sudya Askarbekovning qamoqda o‘tkazgan vaqtini hisobga olib, «bir kun ikki kunga teng» tamoyilini qo‘lladi. Sud muzokaralari davomida davlat ayblovchisi yanada qattiqroq jazo — to‘rt yillik qamoq jazosini so‘ragan edi.

Faol iyun oyida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. 13 iyun kuni sud unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlab, uni MXDQ tergov hibsxonasiga yuborgan.

Qo‘lga olinishidan oldin Askarbekov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida unga qarshi provokatsion materiallar tarqatilayotganini, uning o‘zini esa «xalq dushmani» qilib ko‘rsatishga urinishlar bo‘layotganini yozgan. Shuningdek, u avvalroq Vazirlar Mahkamasi raisiga Qirg‘izistonda kichik va o‘rta biznes sohasida Xitoy fuqarolari ishtirokining ko‘lami haqida so‘rov yuborgani va bu mavzu bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda ochiq debatlar tashkil etishni taklif qilganini ma’lum qilgan.

Askarbekovning so‘zlariga ko‘ra, 7 iyun kuni uning uyiga MXDQning uch nafar xodimi kelgan. Uning ta’kidlashicha, suhbat davomida yashirin videotasvirga olish amalga oshirilgan, keyin esa yozuvlar uni obro‘sizlantirish maqsadida montaj qilinib, ommaga tarqatilgan. Bu voqealardan avvalroq ham ijtimoiy tarmoqlarda faolni obro‘sizlantiruvchi videolar paydo bo‘lgan.

Sudda Askarbekovning himoyasi uning bayonotlari millatlararo adovat qo‘zg‘atishga qaratilmaganini ta’kidlagan. Faolning o‘zi esa hukm chiqarish uchun asoslardan biri bo‘lgan lingvistik ekspertiza natijalarini tan olmagan.

Mavlyan Askarbekov 47 yoshda. U mamlakatdagi voqealarga muntazam ravishda izoh berib keladigan va hukumatning ayrim harakatlarini bir necha bor tanqid qilgan siyosatchi sifatida tanilgan. Ilgari u bir necha marta parlament saylovlarida nomzod sifatida ishtirok etgan. Bundan oldin esa bir necha yil davomida Bishkek shahri Pervomayskiy tumani hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.