Joriy yil sentyabr oyi oxiri holatiga ko‘ra, Dushanbe shahrida bir xonali kvartira o‘rtacha 750 ming somoni ($81,3 ming) turadi. Ixtisoslashtirilgan Sk.tj onlayn maydonchasida sotuvga qo‘yilgan uy-joylar narxini tahlil qilishni «Avesta» axborot agentligi xodimlari amalga oshirgan.
Respublika statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi 3,8 ming somoni ($412)ga yetgan. Ya’ni ushbu summa poytaxtdagi bir xonali kvartira narxidan qariyb 200 baravar kam. Hatto Dushanbeda maoshlar respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 15–20 foiz yuqori ekanini hisobga olganda ham, uy-joy narxlari bilan ish haqi o‘rtasidagi farq sezilarli.
Ko‘chmas mulk takliflarini o‘rgangan tahlilchilar narxlar o‘rtacha ko‘rsatkich ekanini ta’kidlashmoqda. Chunki narxlar tuman, bino qurilgan yil, ta’mir holati va kvartiraning umumiy ahvoli, infratuzilma hamda boshqa omillarga qarab farq qiladi.
Shunday qilib, bir xonali kvartiralar o‘rtacha 750 ming somonidan sotilmoqda. Shunga ko‘ra, bir kvadrat metrning narxi 11,5 ming somoni ($1,2 ming)ni tashkil etadi.
Ikki xonali kvartira uchun esa sotuvchilar o‘rtacha 980 ming somoni ($106,2 ming) so‘ramoqda. Bunda bunday uy-joyning bir kvadrat metri 13,8 ming somoni ($1,5 ming) atrofida turadi.
Uch xonali kvartiralarning median narxi 1,24 million somoni ($134,5 ming)ni tashkil etadi. Bir kvadrat metrning narxi esa qariyb 13 ming somoni ($1,4 ming)ga teng. Ya’ni faqat bir kvadrat metr narxini hisobga olganda, eng yuqori ko‘rsatkich ikki xonali kvartiralarga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, to‘rt va undan ortiq xonali uy-joylar haqida ham ma’lumotlar keltirilgan. Tojikiston poytaxtida bunday kvartiralar uchun xaridorlar kamida 1,65 million somoni (qariyb $180 ming) to‘lashi kerak. Aytish joiz, bunday uy-joylarda bir kvadrat metr narxi ikki va uch xonali kvartiralarga qaraganda arzonroq — 12,9 ming somoni (qariyb $1,4 ming).
Ekspertlar ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ko‘chmas mulk sotuviga ixtisoslashgan mashhur onlayn maydonchasida uch xonali kvartiralar takliflar orasida ustunlik qilmoqda — ularning ulushi 39,1 foizni tashkil etadi. Ikki xonali kvartiralar sal ortda — 36,6 foiz. Bir xonali kvartiralar toifasi umumiy e’lonlarning taxminan 15,5 foizini tashkil qiladi. To‘rt va undan ortiq xonali uy-joylar ulushi esa bozorning 8,9 foizidan oshmaydi.



