Afg‘oniston va Pokiston chegarasida yangi ziddiyatlar: tomonlar Nuristondagi janglarni turlicha izohlamoqda

Afg‘oniston — Pokiston chegarasida 27 sentyabr kuni yangi og‘ir to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Artilleriya, minomyotlar va boshqa og‘ir qurollar qo‘llangan otishmalar chegaraning bir nechta hududida — Afg‘onistonning Paktiya va Nangarhar viloyatlari hamda Pokistonning Kuram tumanida bir vaqtning o‘zida davom etdi. Mahalliy aholi bir necha soat davom etgan otishmalar haqida xabar berdi. 27 sentyabr tongiga kelib vaziyat vaqtincha tinchidi, deb xabar beradi Khaama Press.

To‘qnashuvlar sabablarini tomonlar turlicha izohlamoqda. Pokiston manbalariga ko‘ra, harbiy pozitsiyalar va aholi yashash hududlariga o‘q uzishni Tolibon kuchlari boshlagan, shundan so‘ng Pokiston armiyasi javob zarbalarini bergan. Islomobod, shuningdek, avvalroq Afg‘onistonning Qandahor, Paktiya va Xost viloyatlaridagi o‘nta obyektga zarba berilganini ma’lum qildi. Uning versiyasiga ko‘ra, ushbu obyektlar dronlarni uchirish va saqlash uchun ishlatilgan.

Qobul bu ayblovlarni rad etdi va Pokiston zarbalari oqibatida to‘rt nafar tinch aholi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Zo‘ravonlikning yangi to‘lqini ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tez yomonlashayotgan bir paytda sodir bo‘ldi. Pokiston Afg‘oniston hukumatini Afg‘oniston hududidan qurolli guruhlar, xususan, «Tehrik-i Tolibon Pokiston» (TTP) faoliyat yuritayotganida ayblamoqda. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif 26 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasida bu haqda bayonot berib, Qobul hukumatini Afg‘oniston hududidan Pokistonga hujumlar uyushtirish uchun foydalanilishining oldini olish bo‘yicha «tekshirish mumkin bo‘lgan va qat’iy choralar» ko‘rishga chaqirdi, deb yozadi Amu TV.

Shu fonda Nuriston viloyatida alohida voqealar sodir bo‘lgan va u yerdagi janglar haqidagi xabarlar bir-birinidan farq qiladi.

27 sentyabr kuni Tolibonning Mudofaa vazirligi Kamdesh tumanida Pokiston tomonidan Dyurand chizig‘ini kesib o‘tishga uringan qurolli guruh tor-mor etilganini ma’lum qildi. Vazirlik versiyasiga ko‘ra, guruh tarkibida «Islom davlati» bilan aloqador jangarilar, shuningdek, Afg‘oniston armiyasining sobiq harbiy xizmatchilari bo‘lgan. Qobul ular Pokiston ko‘magida harakat qilganini ta’kidlaydi.

Dastlab Nuriston politsiyasi 21 kishi halok bo‘lgani va 32 kishi qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Bir necha soatdan so‘ng Mudofaa vazirligi halok bo‘lganlar sonini 28 nafarga oshirdi, asirga olinganlar sonini esa 32 nafar holicha qoldirdi, deb xabar beradi Pajhwok Afghan News.

Afg‘oniston Mudofaa vazirligi versiyasiga ko‘ra, guruh a’zolari avvalroq Pokiston maxsus xizmatlari tomonidan boshpana olish va xorijda yuqori maoshli ish topishda yordam berish va’dasi bilan Pokistonga taklif qilingan. Shundan so‘ng, Qobul ta’kidlashicha, ular Pokiston armiyasi va razvedka xizmati — ISI lagerlariga olib borilgan, u yerda harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilib, keyin Nuristonga yuborilgan.

Afg‘oniston idorasi, shuningdek, guruh bilan birga Pokiston harbiy xizmatchilari, Pokiston bilan bog‘liq qurolli tuzilmalar va «Islom davlati» jangarilari ham bo‘lganini ta’kidlaydi. Ammo ular to‘qnashuv boshlanganidan so‘ng hududni tark etgani aytilmoqda.

O‘z navbatida, Pokiston bu ayblovlarni rad etdi. Mamlakat Axborot vazirligi Qobul bayonotlarini asossiz deb atab, Pokiston xavfsizlik kuchlari va razvedkasi Nuristondagi janglarda ishtirok etmaganini, afg‘onistonlik sobiq harbiylarni yollamagani va tayyorlamaganini, «Islom davlati» yoki boshqa qurolli guruhlarga yordam ko‘rsatmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Islomobod yana Afg‘oniston hokimiyatidan, Pokistonning ta’kidlashicha, Afg‘oniston hududidan faoliyat yuritayotgan qurolli guruhlarga qarshi choralar ko‘rishni talab qildi, deb xabar beradi Al Jazeera.

Biroq, Afg‘oniston Mudofaa vazirligining versiyasi ham mamlakatning o‘zidagi yagona talqin emas.

Qurolli tolibonlarga qarshi tashkilot — Afg‘oniston Ozodlik fronti (Afghanistan Freedom Front, AFF) Amu TV nashriga voqealarni butunlay boshqacha tasvirlab bergan. Front versiyasiga ko‘ra, to‘qnashuv qurolli guruhning Pokistondan Afg‘onistonga kirishga urinishi natijasida emas, balki Tolibon kuchlarining Kamdeshdagi AFF pozitsiyalariga hujumi ortidan boshlangan. Front toliblar quruqlikdagi bo‘linmalar va bir nechta drondan foydalanganini ta’kidlaydi.

AFF Tolibon tomonidan besh kishi halok bo‘lgani va o‘n kishi yaralanganini ma’lum qiladi. Bundan tashqari, tashkilot o‘z jangchilari Nuristondagi Kamdesh va qo‘shni Kunar viloyatidagi Nari tumanida bir nechta nazorat punktlarini egallab, ayrim hududlar ustidan nazorat o‘rnatganini da’vo qilmoqda. Front bayonotiga ko‘ra, qurol-yarog‘ va harbiy jihozlar ham qo‘lga kiritilgan, Tolibonga tegishli bir nechta dron esa yo‘q qilingan yoki ishdan chiqarilgan.