O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi pedofillar uchun umrbod qamoq jazosini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorladi

gazeta.uz sayti fotosurati

O‘zbekiston рrezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun jazoni kuchaytirishni, jumladan, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda agentlik o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.

Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha tashabbuslar bir necha oy davomida ishlab chiqilgan. Hozir hujjatlar hukumatga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan.

Mirziyovaning aniqlik kiritishicha, agentlik ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik qilmagani uchun, pedagoglarning esa zo‘ravonlik va kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun javobgarligini kuchaytirishni taklif qilgan. Shuningdek, jabrlangan bolalarga tergov va sud jarayonining har bir bosqichida huquqiy yordam va himoya ta’minlash choralari ham belgilab qo‘yilgan.

Mazkur bayonot Namangan viloyatida besh yoshli qizaloqni zo‘rlash bilan bog‘liq shov-shuvli ish fonida yangradi. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, bolalar bog‘chasining xo‘jalik mudiri gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan. Unga respublika Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. OAV xabar berishicha, ish figurantining qarindoshlari jabrlangan qizaloqning ota-onasiga bosim o‘tkazgan va qizchaning onasi arizasini qaytarib olishi uchun pul taklif qilgan.

Shahnoza Mirziyoyeva agentlik ijtimoiy himoya masalasi bo‘yicha vaziyatni nazoratda ushlab turganini yozadi. Bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchisi va uning onasiga har tomonlama yordam ko‘rsatilmoqda. Oilani boshqa shaharga ko‘chirish haqida qaror qabul qilingan.

«Ularga uy-joy beriladi, zarur reabilitatsiya va to‘liq ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Xususan, qizaloqning onasi o‘qish va ishga joylashishiga yordam beriladi. Zarur bo‘lsa, familyasini o‘zgartirishga ham ko‘maklashiladi. Eng muhimi, bolajon va uning yaqinlari xavfsiz joyda yangi hayot boshlashlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi», — deya ta’kidlaydi Mirziyoyeva.

U mazkur jinoyat jazosiz qolmasligini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur voqea yuzasidan O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham fikr bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, bunday dahshatli jinoyatlar uchun o‘lim jazosi qo‘llanilishi kerak, ammo amaldagi qonunchilikda bunday jazo nazarda tutilmagan. Prezident Administratsiyasi rahbari qo‘shimcha qilishicha, hukumat jazoni maksimal darajada kuchaytirish maqsadida qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda.

Pedofillar uchun umrbod qamoq jazosini joriy etish taklifi avval ham muhokama qilingan. Bundan tashqari, joriy yil mart oyida bu taklifni respublika prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatlagandi. Biroq, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish qonunchilik darajasida hozircha tasdiqlanmagan.

Hozirgi vaqtda Jinoyat kodeksiga ko‘ra, bunday jinoyatlar uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.