Tojikistonda go‘zallik salonlari xodimlari odam immun tanqisligi virusi (OIV) bo‘yicha test topshirishga majburlandi. Tegishli ma’lumotnomasiz ularga go‘zallik salonlarida ishlashga ruxsat berilmaydi. Yangi qoidalar respublika hukumati qarori bilan belgilangan bo‘lib, prezident Emomali Rahmon ushbu hujjatni 28 avgust kuni imzoladi, deb xabar beradi «Aziya-Plyus».
Hujjat qachon kuchga kirgani aniqlashtirilmagan. Biroq, huquqiy axborot bazasida qaror amalda ekani ko‘rsatilgan.
Endi byuti sohasidagi mijozlarga bevosita xizmat ko‘rsatadigan muassasa xodimlari ish boshlashdan oldin tahlil topshirishi va OIV yo‘qligi haqidagi ma’lumotnomani o‘zi bilan olib yurishi shart. Virusga ega shaxslar ishga qo‘yilmaydi.
Yangi tartib quyidagi xodimlarga taalluqli:
✅ manikyur va pedikyur ustalari;
✅ qoshlarni korreksiya qilish bo‘yicha mutaxassislar;
✅ yuz va badanni tozalash bo‘yicha mutaxassislar;
✅ tatuaj va pirsing ustalari.
Qarorga ko‘ra, yana bir qator fuqarolar uchun ham bunday tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiy hisoblanadi. Ular qatoriga OIV bilan yashayotganlar; jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan yoki qon quydirish muolajasidan o‘tganlar; taqiqlangan moddalarni in’eksiya orqali iste’mol qiladigan giyohvandlar; OIV bilan kasallangan onalardan tug‘ilgan bolalar; tibbiyot xodimlari kiradi.
Tojikistonda nikohdan o‘tayotgan fuqarolar ham OIV bo‘yicha test topshirishi shart. Bu me’yor respublika Oila kodeksiga 2016 yilda kiritilgan bo‘lib, hozir Vazirlar Mahkamasi qarorida ham mustahkamlangan.
Qayd etilishicha, nikohdan o‘tayotganlarga tegishli tibbiy xizmat davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida bepul ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, qon va boshqa biologik material donorlari ham xuddi shu shartlar asosida tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, test natijalari bo‘yicha ma’lumotnomalarni berish muddati ham o‘zgardi. Ilgari buning uchun o‘n ish kuni ajratilgan bo‘lsa, endi besh kunga qisqartirildi.
OIV profilaktikasi va unga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabr holatiga Tojikistonda OIV bilan yashovchi 13 045 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan. Ulardan 7 017 nafari erkaklar, 5 035 nafari ayollar, 993 nafari esa 18 yoshga to‘lmagan yoshlardir.



