O‘zbekiston fuqarosi va AQSHning naturalizatsiya qilingan fuqarosi Davud Ansariy, shuningdek, «Kozimjon G‘afurov» va «Kozim» nomlari bilan tanilgan shaxs, o‘n yil davomida qidiruvda bo‘lganidan so‘ng Tbilisi shahridan AQSHga ekstraditsiya qilingan. Bu haqda AQSH Adliya vazirligi xabar berdi.
41 yoshli Ansariy 2026 yil avgust oyida Gruziyada qo‘lga olingan, 23 sentyabr kuni esa Kuinsdagi Jon Kennedi nomidagi aeroportga olib kelingan. U yerda uni FQB (Federal qidiruv byurosi) va Nyu-York politsiyasi xodimlari kutib olgan, deb yozadi New York Post.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, 24 sentyabr kuni Bruklindagi federal sudda qo‘lga olingan shaxsga ayblovlar e’lon qilingan. Sud uni garov evaziga ozod qilish imkoniyatisiz hibsda saqlashga qaror qilgan. Bir nechta modda bo‘yicha aybdor deb topilgan taqdirda, u 35 yilgacha ozodlikdan mahrum bo‘lishi mumkin.
«Bugun biz dunyoga FQB terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaydigan va mamlakatni tark etib, adolatdan qochadigan shaxslarni unutmasligini ko‘rsatmoqdamiz», — dedi FQBning Nyu-York boshqarmasi direktorining yordamchisi Jeyms K. Barnakl kichik.
AQSH prokuraturasining Sharqiy okrugi ma’lumotlariga ko‘ra, Ansariy «Islom davlati» (ID) va «Jabhat an-Nusra» terrorchilik tashkilotlarining (tashkilotlar qator mamlakatlarda taqiqlangan) ehtimoliy tarafdorlaridan iborat guruhga rahbarlik qilgan. 2014–2016 yillarda uning Bruklindagi uyidan faoliyat yuritgan guruh o‘zini «tea party» — «choy ziyofati» deb atagan.
Ayblov tomoniga ko‘ra, guruh a’zolari o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Barak Obamani o‘ldirish, Koni-Aylendda portlash sodir etish, shuningdek, politsiya va Federal qidiruv byurosi xodimlariga hujum qilish masalalarini muhokama qilishgan. Ular yuqorida tilga olingan terrorchilik tashkilotlari a’zolari uchun mablag‘ to‘plagan. Jumladan, tergov versiyasiga ko‘ra, Ansariy va uning sheriklari 2013 yilda kamida uch kishining Suriyaga borishini moliyalashtirgan. Ularning uchalasi ham taxminlarga ko‘ra halok bo‘lgan.
Shuningdek, ular 2017 yil oxirida 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan qozog‘istonlik Axror Saydaxmetov uchun ham mablag‘ to‘plashgan. U 2015 yilda tergov ma’lumotlariga ko‘ra, IDga sadoqat qasamyodini qabul qilganidan so‘ng qo‘lga olingan. FQB informatori bilan suhbatda u: «Men shunchaki avtomat, AK-47 sotib olaman, ko‘chaga chiqib, barcha politsiyachilarni otib tashlayman», — degan.
Guruhning yana bir ehtimoliy a’zosi Abdulrasul Jo‘raboyev FQBga IDdan shunday buyruq olsa, «Koni-Aylendda bomba qo‘yishini» aytgan. U, shuningdek, internetda prezidentni o‘ldirib, shahid bo‘lish imkoniyatini muhokama qilgan.
«Men Obamani otib tashlash va keyin o‘zim ham otib tashlanishim haqida gapiryapman — bu ish beradimi? Bu kofirlarning qalbiga qo‘rquv soladimi?» — deb u ID bilan bog‘liq saytda o‘zbek tilida yozgan.
2016 yil may oyida Ansariy bir kun oldin sotib olingan bir tomonlama chipta bilan AQSHdan Turkiyaga uchib ketgan. Uning mamlakatdan chiqib ketishi sheriklaridan biri qo‘lga olinganidan besh kun o‘tib sodir bo‘lgan. Shundan beri Ansariy qidiruvda bo‘lgan.
Sudda Ansariy jinoiy til biriktirish haqidagi ayblovning bir bandi va ikki terrorchilik tashkilotiga moddiy yordam ko‘rsatishga urinish haqidagi ayblovning bir bandi bo‘yicha o‘z aybini tan olmagan.
Ish bilan Nyu-York Sharqiy okrugi prokuraturasining milliy xavfsizlik va kiberjinoyatchilik bo‘limi shug‘ullanmoqda.



