Tojikistonlik fuqaro Rossiyada 2008 yili skinxedni o‘ldirgani uchun 20 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Moskva viloyati Kolomna shahar sudi 43 yoshli Tojikiston fuqarosi Saidjon Rajabovni 2008 yilda sodir etilgan qotillikda aybdor deb topib, 20 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Bu haqda Pamir Inside Moskva shaharlararo transport prokuraturasi ma’lumotiga tayanib xabar berdi.

Nazorat organi ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 2008 yil mart oyida Moskva viloyatidagi Golutvin stansiyasida sodir bo‘lgan. O‘shanda janjal natijasida chet el fuqarosi uch nafar yosh yigitga pichoq bilan zarba bergan. Ularning biri voqea joyida vafot etgan, qolgan ikki nafari esa turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Hodisadan so‘ng xorij fuqarosi mamlakatni tark etgan va xalqaro qidiruvga berilgan. 17 yil o‘tib, u o‘z vatanida qo‘lga olingan va Rossiyaga ekstraditsiya qilingan. Ta’kidlash joiz, prokuratura xabarida ayblanuvchi va jabrlanganlarning familiyalari keltirilmagan.

Hay’at a’zolari sudi migrantni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining qotillik hamda ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirishga suiqasd qilishga oid moddalari bo‘yicha ko‘pchilik ovoz bilan aybdor deb topgan.

Ta’kidlanishicha, sudlanuvchi o‘z aybini tan olmagan. Shunga qaramay, unga 20 yillik qamoq jazosi tayinlanib, jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.

Bundan tashqari, o‘sha hodisada qancha kishi halok bo‘lgani hamon noaniq, chunki sud materiallarida «bir kishi voqea joyida vafot etgan, ikki kishi shifoxonaga yotqizilgan» degan ma’lumot keltirilgan. Biroq, tergov boshqarmasi vakillariga tayangan arxiv OAV materiallariga ko‘ra, qurbonlar soni ko‘proq bo‘lgan.

Xususan, o‘sha vaqtda ma’lum qilinishicha, mojaro Moskva viloyatidagi elektr poyezdlarida 18–20 yoshli millatchilik qarashlariga ega yoshlar — skinxedlar tomonidan o‘tkazilgan «tozalashlar» vaqtida sodir bo‘lgan. Golutvin platformasida tajovuzkor kayfiyatdagi bir guruh shaxs ikki nafar tojikistonlikni ko‘rib qolib, ularni kaltaklay boshlagan. Yurtdoshlarini himoya qilish uchun yonida pichoq bo‘lgan 26 yoshli Rajabov aralashgan. U hujum qilgan uch nafar shaxsga pichoq bilan zarba bergan.

Natijada Maksim Danilin qon yo‘qotishi oqibatida voqea joyida vafot etgan, stansiyaga yetib kelgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari Sergey Chuprov va Dmitriy Samoylovni shifoxonaga olib borgan. Biroq politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, ularning ikkalasi ham vafot etgan. Shuningdek, Danilinning ham yonida pichoq bo‘lgani, ammo skinxed qurolni ishlatishga ulgurmagani aytilgan.

Rossiyada mafkuraviy zo‘ravonlik holatlarini qayd etib boruvchi «Sova» tahliliy markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda etnik asosda 161 ta hujum sodir bo‘lgan. Gap Markaziy Osiyodan kelganlar, Kavkaz aholisi, qora tanlilar va «slavyan qiyofasiga ega bo‘lmagan» boshqa shaxslarga qilingan hujumlar haqida bormoqda. Natijada to‘rt kishi, jumladan ikki nafar bola halok bo‘lgan.