Kaspiy dengizida halok bo‘lgan qozog‘istonlik harbiylar bilan bog‘liq jinoiy ish bo‘yicha gumonlanuvchilar aniqlandi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi xabar berdi.
«Xizmat vazifalariga beparvolik bilan munosabatda bo‘lgan, shuningdek, meteorologik sharoitlarni inobatga olgan holda shaxsiy tarkib xavfsizligini ta’minlash uchun nazoratni amalga oshirmagan va zarur choralarni ko‘rmagan, qutqaruv ishlarini lozim darajada tashkil etmagan va buning oqibatida insonlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan mansabdor shaxslar aniqlandi», — deyiladi tarqatilgan xabarda.
Ish bo‘yicha jami 30 nafardan ortiq harbiy xizmatchi so‘roq qilingan, hujjatlar va videomateriallar olib qo‘yilgan, 12 ta ekspertiza tayinlangan. Gumonlanuvchilarning familiyalari va aniq lavozimlari xabarda keltirilmagan. Qo‘lga olinganlar haqida ham ma’lumot berilmagan.
Ish og‘ir oqibatlarga olib kelgan xizmatga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish va kemani boshqarish qoidalarini buzish moddalari bo‘yicha tergov qilinmoqda. Xizmatga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish moddasi bo‘yicha aybdorlarga besh yilgacha, kemani boshqarish qoidalarini buzish bo‘yicha esa yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Hukumat komissiyasi rahbari, Bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev avvalroq tergov har tomonlama va xolisona o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xatti-harakatlari yoki harakatsizligi fojiaga sabab bo‘lgan mansabdor shaxslar qonunga muvofiq jazolanadi.
Halok bo‘lganlarning oilalariga moddiy yordam ko‘rsatiladi. Davlatdan tashqari, bir qator tadbirkorlar va tashkilotlar ham moliyaviy yordam berish istagini bildirgan. «Ko‘plab murojaatlar munosabati bilan» Mang‘istau viloyati hukumati yordam mablag‘larini yig‘ish uchun yagona operator sifatida «Ұlttiq rux» jamoat birlashmasini belgiladi va fuqarolarni firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Hodisa 24 sentyabr kuni Kaspiy dengizining Qozog‘iston sektorida Harbiy-dengiz kuchlarining «Xazar qorg‘ani-2026» mashg‘ulotlari vaqtida sodir bo‘lgan. Respublika Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ob-havoning keskin yomonlashishi va kuchli shamol tufayli o‘quv-jangovar vazifani bajarayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar dengizga oqib ketgan. Aniqlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, suvga 17 kishi tushib ketgan (avvalroq 19 kishi ekani xabar qilingan). Ulardan uch nafari qutqarib qolingan. Hozirga kelib, halok bo‘lgan 14 kishining barchasining jasadi topilgan.
Qozog‘iston Mudofaa vazirligi dastlab 12 kishidan iborat ro‘yxatni e’lon qildi:
1. katta leytenant Muxtaruli Oljas;
2. matros Ayapbergen Serjan Talgatuli;
3. matros Omirzak Omirbek Omirbolatuli;
4. matros Kobenov Almas Jusipuli;
5. matros To‘legen Aqilbek Qabdenuli;
6. matros Temirgaliyev Jenis Tleusheyevich;
7. matros Berdixanov Meyrambek Yermuxanuli;
8. matros Janabay Aset Samatuli;
9. matros Madixan Azamat Bolatbekuli;
10. matros Begey Dastan Nurboluli;
11. matros Gilaj Aqjayiq Bolatbetuli;
12. matros Dixanbayev Oljas Tajibayuli.
Keyinroq vazirlik serjant Gumarov Mansur va matros Turdibekuli Mirasning jasadlari ham topilganini ma’lum qildi. Hodisa joyidagi qidiruv-qutqaruv operatsiyasi yakunlangan.
25 sentyabr kuni Qozog‘istonda Kaspiy dengizida halok bo‘lgan harbiylar xotirasiga umummilliy motam kuni deb e’lon qilindi.



