Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 25 sentyabrni Kaspiy dengizida halok bo‘lgan harbiylar xotirasiga umummilliy motam kuni deb e’lon qildi. Davlat rahbarining tegishli farmoyishini Oqo‘rda e’lon qildi.
Avvalroq To‘qayev harbiy xizmatchilarning halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgandi va hukumat komissiyasiga ularning oilalariga yordam ko‘rsatish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishni topshirgandi.
Hodisa 24 sentyabr kuni Kaspiy dengizining Qozog‘iston sektorida harbiy-dengiz kuchlarining «Xazar qorg‘ani-2026» mashg‘ulotlari vaqtida sodir bo‘lgan. Respublika Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ob-havoning keskin yomonlashishi va kuchli shamol tufayli o‘quv-jangovar vazifani bajarayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar dengizga oqib ketgan. Hozirga qadar hokimiyat vakillari to‘qqiz kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ulysmedia.kz muxbiri ma’lumotiga ko‘ra, suvdan 12 nafar harbiyning jasadi olib chiqilgan.
Jami 19 kishi dengizda qolgan, ulardan uch nafari qutqarilgan, qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.
Nashr, shuningdek, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning dastlabki ro‘yxatini ham e’lon qildi. Unda Serjan Ayapbergen, Aset Janabay, Almas Kobenov, O. Muxtaruli, Jenis Temirgaliyev, Azamat Madixan, Aqilbek To‘legen va Omirbek Omirzak ismlari keltirilgan.
Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotlarda 500 nafardan ortiq kishi ishtirok etgan. Ular bo‘linmalarning o‘zaro hamkorligini va o‘quv-jangovar vazifalarni bajarishni mashq qilishlari kerak edi. Manyovrlarga Qozog‘iston Qurolli Kuchlari Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni, 1-darajali kapitan Qanat Niyozbekov rahbarlik qilgan.
Harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishi fakti yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, tezkor-tergov guruhi tuzilgan. Hodisa holatlarini Mudofaa vaziri Dauren Kosanov boshchiligidagi vazirlik komissiyasi ham o‘rganadi. Komissiya Mang‘istau viloyatiga yetib borgan. Ayni paytda Bes.media nashri yozishicha, 24 sentyabr kuni «Qazgidromet» hududda shamol tezligi sekundiga 20 metrgacha yetishini prognoz qilgan.
Bu Qozog‘iston harbiylari bilan bog‘liq bunday hodisaning birinchi holati emas. 2015 yilda ham shunga o‘xshash voqea sodir bo‘lgan: Kaspiydagi mashg‘ulotlar vaqtida to‘rtta BTR-80 cho‘kib ketgan va to‘rt nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Tergov natijalariga ko‘ra, bir necha ofitser qamoq jazosiga hukm qilingan.



