Litva xavfsizlik tahdidlari sabab Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi viza markazlarini yopdi

Litva hukumati Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston, shuningdek, Bosniya va Gersegovinadagi viza markazlarini yopishga qaror qildi. Bu haqda 23 sentyabr kuni Litva Ichki ishlar vaziri Martinas Katelinas xabar berdi.

Katelinas Facebookdagi sahifasida tashqi xizmat ko‘rsatish bo‘linmalari deb atalgan viza markazlari xorijliklar va Litva muassasalari o‘rtasida vositachi vazifasini bajargan. Ularda Litvada yashash uchun ruxsatnoma olish bo‘yicha arizalar qabul qilingan va migratsiya jarayonlari boshlangan.

Vazir ta’kidlashicha, qaror xavfsizlik va terrorchilik tahdidi xatarlari baholanganidan so‘ng qabul qilingan.

«DXD (Davlat xavfsizligi departamenti) ehtimoliy terrorchilik xavflari haqida ogohlantirayotgan va Markaziy Osiyodan kelgan ayrim shaxslarda radikal qarashlar yoki terrorchilik bilan aloqalar borligini aniqlayotgan bir paytda davlat xavf insidentga aylanishini kutib o‘tira olmaydi», — dedi Ichki ishlar vaziri.

U tashqi xizmat ko‘rsatuvchilarning yangi bo‘linmalarini ochish rejalashtirilmayotganini qo‘shimcha qildi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qaror qabul qilinishidan oldin Litvada tashqi xizmat ko‘rsatuvchi bo‘linmalarning 31 ta markazi faoliyat yuritgan. Qaror kuchga kirganidan so‘ng ularning soni 27 ta bo‘lib qoladi. To‘rtta markazni yopish 2026 yil 1 noyabrga rejalashtirilgan.

Katelinas Žinių radijus nashriga bergan izohida kelajakda barcha viza markazlari yopilishini ma’lum qildi.

«Rejaning bir qismi tashqi xizmat ko‘rsatuvchi bo‘linmalar qolmasligidan iborat. Bu mehnat migratsiyasi tamoyiliga asoslangan mutlaqo boshqacha immigratsiya siyosati bo‘ladi. Bunda prezidentning avval taqdim etilgan siklik mehnat migratsiyasi haqidagi taklifi ham inobatga olinadi», — dedi Litva ichki ishlar vaziri.

Vazir Shengen vizalarini berish to‘xtatilmasligini ta’kidladi.

«Hech narsa havoda osilib qolmaydi. Hozirgacha turli xil vizalarni, jumladan, C toifasidagi Shengen vizalarini olish uchun elchixonalar va konsullik muassasalariga murojaat qilish mumkin edi va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Elchixonalar va konsullik muassasalari yopilmaydi», — dedi vazir 24 sentyabr kuni Seymda (Litva parlamenti) so‘zlagan nutqida.

Markazlarni yopish haqidagi qaror Litvaning migratsiya siyosatini kuchaytirish fonida qabul qilindi. 2026 yil sentyabr oyi boshida Litvaga ishlash uchun keladigan xorijliklar uchun shu yilga belgilangan 24,7 ming kishilik kvota to‘liq to‘ldirilgan. Kvota to‘lganidan so‘ng ishga joylashish asosida vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomalar faqat qonunlarda nazarda tutilgan holatlarda berilishi mumkin.

Migratsiya departamentining 2026 yil 1 sentyabrdagi ma’lumotlariga ko‘ra, Litvada qariyb 227 ming nafar xorijlik amaldagi yashash ruxsatnomasiga ega. Ularning 80 ming nafari — Ukraina fuqarolari, qariyb 48 ming nafari — Belarus fuqarolari, 13 ming nafari — Rossiya fuqarolari, shunchaga yaqini — O‘zbekiston fuqarolari, 9,4 ming nafari — Hindiston fuqarolari, 7,4 ming nafari — Tojikiston fuqarolari.

«Azattik-Aziya» eslatishicha, 2025 yilda Litva hukumati Dushanbe shahridagi viza markazini ham yopish haqida ma’lum qilgan edi. Markaz ikki yil faoliyat yuritgan davrda mamlakatda yashash uchun hujjatlarni qariyb 6,5 ming kishi rasmiylashtirgan. Ularning aksariyati haydovchilar va quruvchilar bo‘lgan. Biroq, ularning ko‘pchiligi Litvadan faqat tranzit nuqta sifatida foydalangan, aslida esa Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlarida ishlashgan.