Qirg‘iziston o‘zining birinchi sun’iy yo‘ldoshini 1 oktyabr kuni AQSH hududidan fazoga uchiradi

«Qirg‘iz elektronika» korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy yo‘ldosh. sputnik.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston tarixida birinchi marta o‘zining sun’iy yo‘ldoshini kosmosga uchirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Apparatni 1 oktyabr kuni AQSHning Kaliforniya shtatida joylashgan maydonchadan Yer orbitasiga chiqarish rejalashtirilgan. Bu haqda «Sputnik Kirgizstan» xabar berdi.

Markaziy Osiyoning ushbu mamlakatida yaratilgan birinchi sun’iy yo‘ldoshni respublika Hukumat raisi o‘rinbosari — Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Erlist Akunbekov taqdim qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kosmosdan olingan suratlar va boshqa ma’lumotlardan foydalanish qishloq xo‘jaligi sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Chunki bunday ma’lumotlar yaqinlashayotgan sovuqlar yoki qurg‘oqchilikni kuzatish imkonini beradi. Shuningdek, mutaxassislar qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish uchun olingan ma’lumotlarni tahlil qiladi.

Mulozimning aniqlik kiritishicha, sun’iy yo‘ldosh avval kompyuterlar va nazorat-kassa mashinalarini (NKM) yig‘ish bilan shug‘ullangan «Qirg‘iz elektronika» korxonasi tomonidan yaratilgan. Qirg‘izistonlik muhandislar qurilmani ishlab chiqish va tayyorlash uchun 2,5 yil vaqt sarflagan.

Jurnalistlarga kosmik apparatning texnik xususiyatlari ham taqdim etildi. Uning og‘irligi 5 kilogrammni tashkil etadi.

Sun’iy yo‘ldoshning qiymati 10–12 million som (taxminan 130 ming dollar) deb baholanmoqda.

O‘z navbatida, «Qirg‘iz elektronika» direktori Ilya Cherniy sun’iy yo‘ldoshni ko‘p funksiyali deb atash mumkinligini qo‘shimcha qildi. Masalan, u yuqori aniqlikdagi kameralar bilan jihozlangan bo‘lib, ular orqali olinadigan suratlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi uchun juda zarur.

Biroq, korxona rahbari ushbu ishlanmani to‘liq Qirg‘izistonga tegishli deb bo‘lmasligini tan oldi, chunki uni yaratishda foydalanilgan texnologiyalarning asosiy qismi Rossiyaniki. Agar sun’iy yo‘ldoshni «noldan» yaratishga to‘g‘ri kelganida, buning uchun 10–15 yil vaqt talab etilar edi, deya tushuntirdi Cherniy.

Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda o‘z sun’iy yo‘ldoshini kosmosga uchirayotgan birinchi davlat emas. Yaqinda O‘zbekiston ham shunday yutuqqa erishgan edi. Apparat Xitoylik hamkorlar yordamida uchirildi. Joriy yil avgust oyida Xitoy kompaniyasi Samarkand-2028 giperspektral sun’iy yo‘ldoshini kosmosga muvaffaqiyatli uchirgani haqida xabar berilgan edi. Uning bort tizimi O‘zbekistonda ishlab chiqilgan va sun’iy intellekt texnologiyalari asosidagi modul bilan jihozlangan.