Qozog‘iston sudi rossiyalik Yuliya Yemelyanovaga boshpana berishni uzil-kesil rad etdi

Yuliya Yemelyanova. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Ostona shahridagi kassatsiya sudi rossiyalik Yuliya Yemelyanovaga boshpana berishni rad etdi. Bu haqda Qozog‘iston Xalqaro inson huquqlari va qonun ustuvorligi byurosi xabar berib, bu faolning boshpana berish haqidagi avvalgi rad qarorlari ustidan shikoyat qilishi mumkin bo‘lgan so‘nggi sud instansiyasi ekanini ta’kidladi.

Yuliya Yemelyanova — rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning Sankt-Peterburgdagi shtabi sobiq xodimi. Rossiyada unga qarshi 2021 yilda o‘g‘irlik moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, faol go‘yoki Sankt-Peterburgda taksichining telefonini o‘g‘irlagan. Yemelyanovaning o‘zi aybini rad etib, ish soxtalashtirilganini aytgan. Ish sudga oshirilganidan so‘ng faol mamlakatni tark etgan.

Rossiyadan ketganidan keyin Yemelyanova emigrantlar va ukrainalik qochqinlarga yordam berish loyihalarida ishtirok etgan.

O‘tgan yil 31 avgust kuni uni Olmaota aeroportida ushlashgan. Yemelyanova Qozog‘istonda tranzit orqali bo‘lgan — u Gruziyadan Vetnamga uchib ketayotgan bo‘lgan. Muxolifatchi Rossiya tomonidan davlatlararo qidiruvga berilgani sababli qo‘lga olingan.

11 fevral kuni Qozog‘iston uni Rossiyaga ekstraditsiya qilish niyatida ekani haqida xabar berilgandi. Shu oyning o‘zida G‘arbiy Qozog‘iston viloyati ma’muriy sudi rossiyalik fuqaroga siyosiy boshpana berishni rad etgan. May oyida esa huquq himoyachilari ma’lumotiga ko‘ra, u yana bir bor rad javobini olgan. Hozirda Yemelyanova Olmaotadagi tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

Bir necha kun oldin BMTning Rossiyadagi inson huquqlari vaziyati bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Mariana Katsarova Yemelyanovani va yana bir faol — 2025 yil may oyida Rossiya so‘roviga asosan Qozog‘istonda ushlangan Mansur Movlayevni ekstraditsiya qilishni to‘xtatishni talab qilgandi. Unga tovlamachilikda ayblov qo‘yilgan, Movlayev esa bu ayblovlarni soxta deb hisoblaydi.