Mirziyoyev Andijon viloyatida 9,4 milliard dollarlik 200 dan ortiq investitsiya loyihasini ishga tushirdi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida bo‘lib turgan chog‘ida umumiy qiymati 9,4 milliard dollarlik 206 ta investitsiya loyihasini ishga tushirdi. Ushbu tashabbuslar hududda sanoatni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va ish o‘rinlari tashkil etishga xizmat qiladi, deb xabar beradi respublika rahbari matbuot xizmati.

Prezident ramziy tugmani bosish orqali umumiy qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 98 ta loyihani ishga tushirdi. Bundan tashqari, u alohida investitsiya dasturlari doirasida barpo etilayotgan umumiy qiymati 7,3 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 108 ta obyekt qurilishiga start berdi.

Loyihalar iqtisodiyotning muhim yo‘nalishlarini qamrab olgan, jumladan:

✅ energetika;

✅ qurilish;

✅ to‘qimachilik sanoati;

✅ mashinasozlik;

✅ turizm;

✅ logistika;

✅ farmatsevtika.

Mirziyoyev ishga tushirgan loyihalar orasida paxta-to‘qimachilik klasteri, elektr energiyasini saqlash va taqsimlash tizimlari, mebel hamda charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonalari, elektr avtobuslar, quyosh panellari va gidroenergetika uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi korxonalar bor. Shu bilan birga, ta’lim va tibbiyot markazlari ham foydalanishga topshirildi.

Yaqin istiqbolda turar joy majmualarini barpo etish, xalqaro logistika va turizm markazlarini tashkil qilish, gidroelektrostansiyalar va chiqindilarni qayta ishlash zavodini qurish, avtomobil hamda temir yo‘l vagonlari ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish rejalashtirilmoqda.

Ushbu tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekistonning Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSH, Rossiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, BAA va Tojikiston kompaniyalari bilan hamkorlik qilishi ko‘zda tutilgan.

Tashabbuslar amalga oshirilishi natijasida viloyatda 45 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi, yillik ishlab chiqarish hajmi 60,5 trillion so‘mdan (5,1 milliard dollar) oshadi, eksport salohiyati esa 533 million dollarga yetadi.

Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi dasturi umuman olganda sermazmun bo‘ldi. Tashrif Andijon xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish ishlarining borishini ko‘zdan kechirishdan boshlandi. Aeroport rekonstruksiyasi qiymati 1,1 trillion so‘m (93 million dollar)ga baholanmoqda. Birinchi bosqichda aeroport infratuzilmasi tubdan yangilandi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirilib, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali yo‘lak barpo etildi. Shuningdek, 10 ta havo kemasiga mo‘ljallangan to‘xtash joylari va rullash yo‘laklari qurildi.

Bundan tashqari, davlat rahbari 23 sentyabr kuni kunning birinchi yarmida Andijon tumanida joylashgan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikasi faoliyati va kichik gidroelektrostansiyalar uchun uskunalar ishlab chiqarish korxonasi loyihasi bilan tanishdi.