Qirg‘iziston prezidenti BMTda Trampga NNTlarni moliyalashtirishni to‘xtatgani uchun minnatdorchilik bildirdi

Donald Tramp va Sadir Japarov, 2025 yil 7 noyabr. Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 22 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida so‘zga chiqib, AQSH prezidenti Donald Trampga butun dunyo bo‘ylab nodavlat notijorat tashkilotlarini (NNT) moliyalashtirishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

«Natijada NNTlarning rivojlanayotgan davlatlarning ichki ishlari va siyosatiga aralashuvi amalda to‘xtadi. Trampning qarorlari davlatlar suverenitetini mustahkamlash va ularning o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil tanlashi uchun sharoit yaratdi», — dedi Japarov.

Xorijda yordam ko‘rsatish bilan avvali AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) shug‘ullangan. Donald Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgan kuni — 2025 yil 20 yanvarda — uning faoliyatini muzlatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini e’lon qildi. U Amerika tashqi yordam industriyasi va u bilan bog‘liq byurokratiya mamlakat manfaatlariga mos kelmasligini, ko‘p hollarda esa Amerika qadriyatlariga zid ekanini ta’kidlagandi.

«Ular [USAID] xorijiy davlatlarda mamlakatlar ichida va ular o‘rtasidagi uyg‘un va barqaror munosabatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri zid bo‘lgan g‘oyalarni ilgari surish orqali butun dunyoda beqarorlikni kuchaytiradi», — deyilgan farmonda.

Keyinchalik AQSH hukumati USAIDni tugatdi. Natijada agentlik tomonidan berilgan umumiy qiymati 27 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 5300 dan ziyod grant va shartnomaning amal qilishi to‘xtatildi.

Japarov bundan avval ham NNTlar haqida salbiy fikrlar bildirgan. Uning fikricha, ularning ayrimlari ko‘pincha «yolg‘on va ishonchsiz ma’lumotlar» tarqatgan. 2024 yil aprel oyida prezident nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning daromadlari ustidan nazoratni kuchaytirgan «xorijiy agentlar to‘g‘risida»gi qonun deb ataluvchi hujjatni imzolagan. Natijada qator NNTlar, jumladan, «Soros-Qirg‘iziston» jamg‘armasi ham faoliyatini to‘xtatgan.