O‘zbekistonlik shaxmatchilarga xalqaro turnirlardagi g‘alabalari uchun beriladigan mukofot pullari bir necha barobar oshirildi

marketsgroup.org sayti fotosurati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilarga nufuzli xalqaro musobaqalardagi g‘alabalari va sovrinli o‘rinlari uchun beriladigan pul mukofotlarini sezilarli darajada oshirdi. Iste’dodli sportchilarning murabbiylari uchun ham yuqoriroq to‘lovlar belgilandi, deb xabar beradi Adliya vazirligi davlat rahbarining 21 sentyabrdagi tegishli qaroriga tayanib.

Hujjatga ko‘ra, endi shaxmatchilarga beriladigan mukofotlar AQSH dollarida belgilanadi. Ilgari davlat tomonidan beriladigan to‘lovlar bazaviy hisoblash miqdoriga (BHM) bog‘langan edi.

Kattalar o‘rtasidagi Jahon shaxmat olimpiadasi yoki paralimpiadasida oltin medal qo‘lga kiritgan sportchi 200 ming dollar mukofot oladi. Ilgari bu summa 2000 BHM — 880 million so‘m (74,4 ming dollar)ni tashkil etgan. Shu tariqa, mukofot miqdori 2,6 barobardan ko‘proq oshirildi.

Kumush medal uchun o‘zbekistonlik shaxmatchilarga avvalgi 1000 BHM — 440 million so‘m (37,2 ming dollar) o‘rniga 100 ming dollar beriladi. Bronza medal uchun esa 50 ming dollar to‘lanadi. Bu ham avvalgi 220 million so‘m (18,6 ming dollar) yoki 500 BHM miqdoridagi mukofotdan 2,6 barobar yuqori.

Shu bilan birga, murabbiylarga beriladigan mukofot pullari ham oshirildi. Masalan, olimpiada g‘olibining murabbiyi 50 ming dollarga boyiydi. Ilgari mukofot miqdori 1000 BHM yoki 37,2 ming dollarni tashkil etgan.

Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasidagi Jahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilari uchun ham to‘lovlar belgilandi. Jumladan, oltin medal uchun O‘zbekiston hukumati sportchiga 20 ming dollar, uning murabbiyiga esa 5 ming dollar to‘laydi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan sovrindorlarga mos ravishda 10 ming va 5 ming dollardan mukofot beriladi.

Nufuzli musobaqalar qatoriga Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDЕ) homiyligida o‘tkaziladigan jahon va Osiyo miqyosidagi turnirlar ham kiritilgan.

Xususan, birinchi holatda O‘zbekistonlik g‘oliblarga 15 ming dollar beriladi. Ilgari bu summa 300 BHM — 132 million so‘mni (taxminan 11,2 ming dollar) tashkil etgan. Chempion murabbiyiga esa avvalgi 150 BHM — 66 million so‘m (5,5 ming dollar) o‘rniga 7 ming dollar to‘lanadi.

Qit’a miqyosidagi musobaqalar g‘oliblari uchun quyidagi mukofotlar belgilangan: sportchilarga avvalgi 70 BHM — 30,8 million so‘m (2,6 ming dollar) o‘rniga 10 ming dollar, murabbiyga esa 5 ming dollar (35 BHM — 15,4 million so‘m yoki 1,3 ming dollar). FIDЕ turnirlarida ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun ham mukofot pullari nazarda tutilgan.

Shaxmatchining xalqaro grossmeyster unvonini olishi uchun beriladigan mukofot ham oshirildi. Endi malakasini oshirib, ushbu unvonga erishgan sportchiga davlat 5 ming dollar beradi. Ilgari bu mukofot 100 BHM — 44 million so‘m (3,3 ming dollar)ni tashkil etgan.