O‘zbekistonda hozirning o‘zida umumiy quvvati 4,2 gigavatt bo‘lgan energiyani saqlash tizimlarini yaratish bo‘yicha 26 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning 17 tasi ayni paytda amalga oshirish bosqichida, 2030 yilga qadar esa mutaxassislar shunga o‘xshash qo‘shimcha tashabbuslar paketini tayyorlaydi. Bu haqda 22 sentyabr kuni mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida elektr energetikasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushining ortishi bilan energiyani saqlash tizimlarining ahamiyati ham oshib bormoqda. Chunki ular quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan energiyani jamlash hamda elektr energiyasini tarmoqqa faqat iste’mol eng yuqori darajaga yetgan soatlarda uzatish imkonini beradi.
Shu bilan birga, davlat rahbari magistral elektr tarmoqlari va podstansiyalar barpo etish zarurligini ta’kidladi. Xususan, 2030 yilga qadar kuchlanishi 220 kilovolt bo‘lgan 9 ta yangi podstansiya va 500 kilovolt kuchlanishdagi 7 ta obyekt qurish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mamlakatda qariyb 5 ming kilometr elektr uzatish liniyalarini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Rasmiylarning baholashicha, mazkur loyiha yaqin uch yil ichida yakunlanadi.
Yig‘ilishda investitsiya loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha takliflarga alohida e’tibor qaratildi. Chunki ko‘p hollarda tashabbus investor tomonidan ilgari suriladi, shundan keyingina yer ajratish, tariflar, kelishuvlarni imzolash va boshqa masalalar paydo bo‘ladi. Natijada jarayonlar cho‘zilib ketadi va byurokratik to‘siqlarga duch keladi.
Ushbu jihatlarni inobatga olgan holda, boshqaruvning yangi modelini joriy etishga qaror qilindi. Endi loyihalar iqtisodiyot, aholi va hududlarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Hokimiyat organlari oldindan yer maydonini ajratadi, infratuzilmani tayyorlaydi, investor esa ochiq va raqobatli tanlov asosida aniqlanadi.
Shuningdek, turli idoralarning mas’uliyat sohalari aniq belgilab qo‘yiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi talab prognozi shakllantirilishi bilan, Energetika vazirligi strategik rejalashtirish va texnik siyosat bilan, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi esa bozor munosabatlari va tariflarni tartibga solish bilan shug‘ullanadi.
Qayd etilishicha, sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 6,3 gigavattdan oshgan. Gidroelektr stansiyalar soni 100 tadan oshgan, ularning umumiy quvvati esa 2,5 gigavattga yaqinlashmoqda.
2030 yilga qadar O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmini 300 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Aholi soni 41 million kishiga yetishi kutilmoqda. Shu bois, ekspertlar prognozlariga ko‘ra, faqat sanoatda elektr energiyasi iste’moli 38 milliard kilovatt-soatdan 53,5 milliard kilovatt-soatga oshadi.
Ushbu omillarni hisobga olgan holda, keyingi to‘rt yil davomida generatsiya quvvatlari 46,1 GVtga yetkaziladi va yiliga qariyb 129 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. 2035 yilga kelib esa ushbu ko‘rsatkich 154,7 kVt*soatga yetkaziladi.
Mulozimlarning fikricha, iste’molning mo‘tadil o‘sishi sharoitida elektr energiyasini ishlab chiqarish va unga bo‘lgan talab o‘rtasidagi muvozanat saqlanib qolinadi. Biroq, Mirziyoyev iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini hisobga olgan holda rejalashtirish zarurligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan prezident zaxira quvvatlarining yetarli hajmini tayyorlashni topshirdi. Bunda resurslarning tannarxi, tarmoqqa ulanish imkoniyati, energiyani saqlash tizimlari bilan muvofiqligi va umumiy energetika balansiga ta’siri kabi mezonlarni hisobga olish belgilandi.



