Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Muhtor Tleuberdini yana respublika Tashqi ishlar vaziri etib tayinladi. Tegishli farmon Oqorda saytida e’lon qilindi.
Shu bilan birga, To‘qayev Tleuberdini Qozog‘istonning Avstriyadagi elchisi hamda respublikasining Venadagi xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili lavozimlaridan ozod qildi.
Muhtor Tleuberdi — Qozog‘iston tashqi siyosati tizimida 30 yildan ortiq ish tajribasiga ega bo‘lgan kadr diplomat. U Tashqi ishlar vazirligidagi faoliyatini 1993 yilda attashe lavozimidan boshlagan va keyinchalik diplomatik xizmatning asosiy bosqichlaridan o‘tgan.
Tleuberdi turli yillarda Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, shuningdek, Qozog‘istonning Malayziya, Indoneziya, Shveysariya, Vatikan va Avstriyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi sifatida mamlakat manfaatlarini himoya qilgan.
2019 yil sentyabridan 2023 yil martiga qadar Tleuberdi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligini boshqargan va bir vaqtning o‘zida Bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallagan. Vazirlikdan ketganidan so‘ng diplomatik faoliyatini xorijda davom ettirgan. Tleuberdi Favqulodda va Muxtor elchi diplomatik unvoniga ega.
Uning Avstriyaga elchi etib tayinlanishini ayrim kuzatuvchilar o‘ziga xos «faxriy surgun» sifatida baholagan edi. Shu bilan birga, diplomatik faoliyatni xorijda davom ettirish Tleuberdiga ichki siyosiy jarayonlardan ma’lum darajada uzoqlashib, keyinchalik katta siyosatga qaytish imkonini berishi mumkinligi ham istisno qilinmagandi. Shuni ham ta’kidlash joiz, Tleuberdining hukumatga qaytishi Qozog‘istonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi faollashayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.



