Turkmanistonda blekaut: mamlakatning besh viloyatidan to‘rttasi bir necha soat davomida elektr energiyasisiz qoldi

Turkmanistonning to‘rtta viloyatida 30 avgust kuni elektr ta’minotida keng ko‘lamli uzilish yuz berdi. Bu haqda «Xronika Turkmenistana» nashri ma’lum qildi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan soat 17:30 da Ahal, Mariy va Lebap viloyatlarida elektr energiyasi butunlay o‘chib qolgan. Uzilishdan oldin elektr tarmoqlarida kuchli tarsillash ovozi eshitilgan, shundan so‘ng elektr ta’minoti to‘xtagan. Keyinchalik uzilishlar Bolqon viloyatiga ham ta’sir qilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan. Dashog‘uz viloyati bilan aloqa yo‘q.

Blekaut oqibatlari nafaqat elektr ta’minotiga, balki infratuzilma ishiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Shaharlarda svetoforlar, mobil aloqa va internet ishlamay qolgan. Aholi navbatchi xizmatlar va mahalliy ma’muriyatlarga qo‘ng‘iroq qila olmagan. Turkmanobod shahrida (Lebap viloyati) kechqurun shaharning markaziy ko‘chalaridan biri — Bitarap Turkmaniston ko‘chasiga politsiya xodimlari va harbiy xizmatchilardan iborat naryadlar chiqarilgan.

«Elektr energiyasi ikki soatdan beri yo‘q. Butun shahar elektrsiz qolgan. Ko‘p qavatli turar joy binolarida suv ta’minoti ham to‘xtagan. Issiq tufayli odamlar ko‘chaga chiqishga majbur bo‘lgan. Svetoforlar ishlamayapti, shaharda harakatni politsiya tartibga solmoqda. Arqadag‘ shahrida ham elektr yo‘q — u yerda hayot deyarli to‘xtab qolgan. Tibbiyot muassasalari elektr va suv ta’minoti uzilishi oqibatlarini bartaraf etishda qiyinchilik bilan ishlamoqda. Savdo markazlari, dorixonalar va restoranlar faoliyatini to‘xtatgan», — dedi «Ozodlik» radiosining Ashxoboddagi muxbiri.

Elektr ta’minotini tiklash bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Mari va Lebap viloyatlarida elektr energiyasi taxminan soat 21:30 da berildi. Biroq, ayrim hududlarda vaziyat beqarorligicha qolgan. Xususan, Lebap viloyati etraplarida, jumladan Chorjo‘y etrapida elektr energiyasi ulanganidan bir necha daqiqa o‘tib yana o‘chib qolgan. Turkmanboshi shahrida (Bolqon viloyati) elektr ta’minotini tiklash soat 00:30 da boshlangan.

Mamlakat poytaxti Ashxobodning Berzengi hududida elektr energiyasi soat 19:40 da ulangan bo‘lsa, Paraxat mavzelarida elektr ta’minoti faqat soat 21:30 da tiklangan.

Blekautning sabablari va haqiqiy ko‘lami hozircha noma’lum. «Ozodlik» manbasining taxminiga ko‘ra, uzilishga Mari davlat issiqlik elektr stansiyasida (IES) yuz bergan yirik avariya sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hukumat yoki tegishli idoralar tomonidan rasmiy bayonot berilmagan.

14 avgust kuni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning bir qator hududlarida ham blekaut kuzatilgandi. Bunga Qirg‘izistondagi Toktog‘ul GESida gidrogeneratorlarning uzilishi oqibatida Markaziy Osiyoning birlashgan energetika tizimida quvvat balansi avariyaviy ravishda buzilgani sabab bo‘lgan. Bu elektr energiyasi oqimining keskin o‘zgarishi, quvvatning ortib ketishi va avariyaga qarshi avtomatika ishga tushishiga olib kelgan. Natijada to‘rt mamlakatda iste’molchilar elektr ta’minoti vaqtincha uzilishiga duch kelgan.

ℹ️ Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston mintaqa Yagona energetika tizimining (YAET) ishtirokchilari hisoblanadi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining energetika tizimlari hali Sovet davridayoq yagona halqaga birlashtirilgan. 2003 yilda Turkmaniston YAETdan chiqqan, 2009 yilda esa Tojikiston tizimdan ajralgan. Tojikiston 2024 yildan boshlab energetika halqasiga bosqichma-bosqich qayta boshladi.