Qozog‘istonda o‘zbek olimi josuslik ishi bo‘yicha hibsga olindi

Iqboljon Qоraboyev. azertag.az sayti fotosurati

Qozog‘istonda xalqaro munosabatlar sohasida dars bergan o‘zbekistonlik olim, professor Ikboljon Qоraboyev josuslikda ayblanib, qo‘lga olindi. U Ostona shahrida joylashgan Maksut Narikbayev nomidagi universitetda xalqaro munosabatlar fanidan dars bergan. Bu haqda BBC News ning o‘zbek xizmati xabar berdi

Qоraboyev 3 iyuldan buyon hibsda. U Ostonada rafiqasi va voyaga yetmagan uch nafar farzandi bilan yashagan.

Professorning ismini oshkor qilishni istamagan yaqin qarindoshi aytishicha, fuqarolik kiyimidagi bir necha kishi Qоraboyevning uyiga kelib, uni josuslikda gumon qilayotganliklarini bildirgan va olib ketgan. Qo‘lga olish vaqtida qarindoshlarga olimning Ostonadagi O‘zbekiston konsulxonasi xodimi bilan aloqalari borligiga ishora qilingan.

Qоraboyevning yaqinlari so‘zlariga ko‘ra, unga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 176-moddasi («Josuslik») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda josuslikni xorijiy davlatlar yoki tashkilotlar manfaati yo‘lida davlat sirlarini berish, yig‘ish, o‘g‘irlash yoki saqlash, shuningdek, chet el fuqarolarining mamlakat milliy xavfsizligiga qarshi shunga o‘xshash harakatlari sifatida belgilaydi. Aybdor deb topilgan taqdirda, olimga 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi mumkin.

Versiyalardan biriga ko‘ra, Qоraboyevning qo‘lga olinishi olim chuqur o‘rgangan muhim minerallar mavzusi bilan bog‘liq.

2025 yil aprel oyida professor «Qozog‘iston va O‘zbekistonda muhim minerallar atrofidagi qiyosiy huquqiy, siyosiy va strategik narrativlar» mavzusidagi tadqiqotini yakunlagan. Hozircha bu ish e’lon qilinmagan. Tadqiqotda Qozog‘istonning 9 ta, O‘zbekistonning 8 ta va xalqaro darajadagi 3 ta hujjati tahlil qilingan. Olimning hamkasbi aytishicha, barcha ma’lumotlar ochiq manbalardan olingan.

Bundan avval, 2024 yil oktyabr oyida Qоraboyev Markaziy Osiyoning nodir yer elementlariga xalqaro qiziqish ortib borayotgani haqida tadqiqotini taqdim etgan. Unda Xitoyning yuksalishi, pandemiyalar va Ukrainadagi urush tufayli ta’minot zanjirlarining izdan chiqishi kabi omillar tahlil qilingan. Muallifning qayd etishicha, Xitoy Qirg‘iziston va Tojikistonda bunday xomashyoni ishlab chiqarishda allaqachon ustunlik qilmoqda, Qozog‘istonning ushbu resurslar bo‘yicha asosiy savdo hamkori hisoblanadi va O‘zbekistonda ham o‘z ishtirokini kengaytirmoqda.

Qоraboyevning hamkasblaridan biri bunday ixtisoslikka ega olimlar muntazam ravishda maxsus xizmatlar e’tiboriga tushishini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu odatiy amaliyot, chunki bunday olimlar diplomatlar va ekspertlar bilan keng aloqalarga ega bo‘ladi. Hamkasbining o‘zi va yana bir necha olim ham shunga o‘xshash e’tiborga duch kelgan.

Diplomatlar bilan muntazam uchrashuvlar, ayniqsa off the record — ya’ni matbuot uchun yozib olinmaydigan shakldagi muloqotlar — maxsus xizmatlar tomonidan milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan ehtimoliy nozik holat sifatida baholanishi mumkin. Ehtimol, Qоraboyevga nisbatan gumonlar ham shu bilan bog‘liq bo‘lgan. Shu bilan birga, hamkasbi Qоraboyevni o‘n yildan ortiq vaqtdan beri yuqori malakali va akademik standartlarga qat’iy rioya qiladigan olim sifatida bilishini aytdi.

Hozircha professor to‘liq yuridik yordam olmayapti. Davlat tomonidan tayinlangan advokat uni bir marta ko‘rgan va aniq ma’lumot bermagan. Oilasi xususiy advokat yollagan, biroq u olimning oldiga kira olmayapti. Yaqinlarining ma’lum qilishicha, advokatni kiritish uchun Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining (MXQ) ruxsati talab qilinadi. Idora esa ushbu ruxsatni berish masalasini har hafta keyinga qoldirmoqda.

Qоraboyevning oilasi MXQ, Bosh prokuratura, Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi va inson huquqlari tashkilotlariga yozma murojaat qilib, advokatning professor huzuriga kirishiga to‘sqinlik qilmaslikni so‘ragan. Hozircha ushbu murojaatlarga rasmiy javob berilmagan.

BBC tahririyati Qozog‘iston Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Qozog‘istondagi O‘zbekiston konsulxonasiga izoh so‘rab murojaat qilgan, ammo javob olmagan. Shuningdek, Maksut Narikbayev nomidagi universitet va Qoraboyev katta ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritgan Belgiyadagi BMT Universitetining Mintaqaviy integratsiyani qiyosiy tadqiq etish instituti (UNU-CRIS)ga ham so‘rovlar yuborilgan.

UNU-CRIS vaziyatdan xavotirda ekanini bildirgan, ammo rasmiy bayonot bermagan. Narikbayev universitetida professorning hamkasbiga Qоraboyev «yozda ishdan bo‘shagan»i aytilgan. Biroq, universitetning rasmiy saytida u hanuzgacha professor-o‘qituvchilar tarkibida ko‘rsatilgan.

Qozog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari hozirgacha ishning mohiyati bo‘yicha ochiq bayonot bermagan.

Ikboljon Qоraboyev 46 yoshda. U Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini «Xalqaro munosabatlar» yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. Fransiyadagi Monpele universitetida ikki magistrlik darajasini olgan, keyin Tuluza universitetida xalqaro ommaviy huquq bo‘yicha doktorlik darajasini qo‘lga kiritgan. Qozog‘istonga ko‘chib o‘tishidan avval Fransiyadagi oliy ta’lim muassasasida dars bergan. Uning ilmiy ixtisosligi — Yevroosiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiya jarayonlarini qiyosiy o‘rganish.

ℹ️ So‘nggi yillarda muhim minerallar mavzusi tobora katta geosiyosiy ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy strategik minerallarning 20 turidan 19 tasini qayta ishlash bo‘yicha jahon quvvatlarining o‘rtacha 70 foizini nazorat qiladi. Nodir yer elementlarida esa global ta’minot zanjirining 90 foizdan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. AQSH va Yevropa Ittifoqi muqobil manbalarni, jumladan Markaziy Osiyodagi loyihalar orqali rivojlantirishga faol harakat qilmoqda.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2023 yilda muhim minerallarni «yangi neft» deb atab, ushbu sohani rivojlantirishga sarmoya kiritishga chaqirgan. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa 2025 yil iyun oyida Toshkentdagi forumda mamlakatda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy va titanning yirik zaxiralari aniqlanganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston yer osti boyliklarining umumiy salohiyati 3 trillion dollarga baholanmoqda.

2025 yil noyabr oyida To‘qayevning O‘zbekistonga tashrifi davomida tomonlar nodir va nodir yer metallarini geologik o‘rganish hamda qazib olish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olgan. Shuningdek, tog‘-kon sanoati sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan. Qo‘shma ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi 2026 yil aprel oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan.