25 avgust kuni Qirg‘izistonda Korumdu cho‘qqisidan halok bo‘lgan ikki alpinistning jasadi tushirildi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Qidiruv-qutqaruv guruhi rahbari, belaruslik alpinist Aleksandr Smirnovning ma’lum qilishicha, jasadlar Sari-Tosh qishlog‘iga olib tushilgan, kechqurun esa Osh shahriga yetkaziladi. U yerda halok bo‘lganlarning shaxsi aniqlanadi. Uchinchi alpinistni qidirish ishlari davom etmoqda.
Avvalroq xabar berilganidek, xorijlik uch alpinist — Belarus fuqarolari Maksim Polyanskiy va Nikolay Sviridov, shuningdek, Litva fuqarosi Sergey Rubsov — 2 avgust kuni Korumdu cho‘qqisiga ko‘tarilgan. Ular 4 avgust kuni bazaviy lagerga qaytishni boshlashi kerak edi, ammo belgilangan vaqtda ular bilan aloqa o‘rnatilmagan.
Shundan so‘ng Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi va ko‘ngillilar qidiruv ishlarini boshlagan. Ko‘p o‘tmay qutqaruvchilar alpinistlarga tegishli ryukzak, uxlash xaltasi, poyabzal va arqon bilan bir-biriga ulangan boshqa shaxsiy buyumlarni topishgan. Bu alpinistlar bir arqon tizimida harakatlanganini anglatadi.
16 avgust kuni qidiruvchilar drondan olingan tasvirlarda yo‘qolgan xorijliklarga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan jasadlar aniqlanganini ma’lum qildi. Biroq, murakkab sharoit tufayli qidiruv ishlari vaqtincha to‘xtatilgan.
21 avgust kuni Qirg‘iziston Alpinizm federatsiyasi rahbari va Turizm davlat agentligi rahbari Eduard Kubatov Korumdu darasi tubida uchta jasad aniqlanganini ma’lum qildi.
«Katta ehtimol bilan, bular Belarus va Litvadan kelgan alpinistlarning jasadlari. Shaxsini tasdiqlash va keyin Oshga olib borish uchun ob-havoning barqarorlashishini kutyapmiz. Bu ancha murakkab ish, chunki hozir tog‘larda sharoit beqaror va alpinizm mavsumi yakunlangan», — dedi Kubatov.
6613 metr balandlikdagi Korumdu cho‘qqisi Cho‘ng-Oloy tizmasida joylashgan bo‘lib, Qirg‘iziston, Tojikiston va Xitoy chegarasida joylashgan tog‘ cho‘qqisidir. Tog‘ massivi tor tizmalar, o‘tkir qoyali cho‘qqilar va tik qiyaliklardan tushib keluvchi muzliklar bilan ajralib turadi.
Korumdu cho‘qqisiga ko‘tarilish eng yuqori murakkablik toifasiga kiradi. 2001 yilga qadar turli davlatlardan kelgan ekspeditsiyalar ushbu cho‘qqiga bir necha bor chiqishga uringan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Cho‘qqiga birinchi tasdiqlangan ko‘tarilishni 2001 yil 12 oktyabr kuni Qirg‘izistonlik alpinistlar jamoasi amalga oshirgan.
«Ikki sutka davom etgan quloqni qomatga keltiruvchi gumburlashdan so‘ng birdan sukut cho‘kdi. Boshimiz uzra birorta ham bulutsiz ko‘k-qora osmon, atrofda esa hayratlanarli manzara: g‘arb va janubi-g‘arbiy tomonda — Lenin, Kommunizm, Korjenev cho‘qqilari. Sharqda, ro‘paramizda — Zarya Vostoka cho‘qqisi, janubroqda esa qo‘ng‘ir-sariq cho‘ldan tik ko‘tarilib turgan Xitoyning ikki ulkan cho‘qqisi — Kongur-Tog‘ va Mustog‘-Ota», — deb keyinchalik ko‘tarilish ishtirokchilaridan biri Mixail Mixaylov so‘zlab bergandi.



