Eronning «Gol Gohar» futbol klubi 2026/27 yilgi mavsumda OFK Chempionlar ligasi-2 doirasidagi uy uchrashuvlarini Tojikistonda o‘tkazadi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi mavsumda Osiyo musobaqalarida ishtirok etadigan Eron klublari o‘z raqiblarini mamlakat hududida qabul qila olmaydi. OFK ularga uy uchrashuvlari uchun xorijdagi maydonlarni tanlash majburiyatini yuklagan. «Gol Gohar» bir nechta variantni ko‘rib chiqib, Tojikistonni tanlagan.
Sirjon shahri jamoasi B guruhidan BAAning «Al-Jazira», Bahraynning «Al-Muharraq» va Turkmanistonning «Arkadag» klublari bilan birga joy oldi. Shu tariqa, Eron klubining rasman uy maydonida o‘tkaziladigan uchta uchrashuvi ham Hisor shahrida bo‘lib o‘tadi.
Tojikiston Futbol federatsiyasi bosh kotibi Furqat Ahmedjanov Eurasia Football nashriga bergan intervyusida Eron tomoni rasmiy so‘rov yuborganini tasdiqladi.
«Biz eronlik hamkasblarimiz bilan juda yaqin munosabatdamiz. Federatsiyamiz doimo aloqada, hamkorlik qilamiz, o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazamiz. CAFA doirasida ham hamkorlik qilamiz va o‘ynaymiz. Rasmiy so‘rov kelib tushganida, agar stadionimiz OFK standartlari va barcha talablarga javob bersa, ularning klubini qabul qilishga tayyor ekanimizni darhol aytdim», — dedi Ahmedjanov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Hisordagi stadion, xususan, gibrid gazon tufayli konfederatsiya talablariga javob beradi.
«O‘yinlar Hisordagi stadionda o‘tkaziladi, u yerda talablarga mos keladigan gibrid maydon bor. Federatsiya daromad oladimi? Yo‘q. Mehmonxona va ular mashg‘ulot o‘tkazadigan baza Federatsiya balansida emas. Ammo har qanday holatda ham bu biz uchun ijobiy, chunki kim o‘ynashi yoki qaysi darajada o‘ynashiga qaramay, menimcha, bu futbolni targ‘ib qilishga qo‘shiladigan ajoyib hissa», — dedi TFF bosh kotibi.
«Gol Gohar» uchun bo‘lajak mavsum Osiyo klub musobaqalaridagi debyut mavsumi bo‘ladi. Tojikistonni tanlashdan oldin klub Iroq, Ummon va O‘zbekistonni ehtimoliy maydonlar sifatida ko‘rib chiqqan.
Eronning boshqa vakillari ham xalqaro uchrashuvlarni xorijda o‘tkazishga majbur. OFKning elita Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan Tabriz shahrining «Traktor» klubi Ummonni tanladi. Tehronning «Esteglol» klubi esa uy uchrashuvlarini o‘tkazish joyi masalasini hal qilishda davom etmoqda.



