Qirgʻiziston futbol terma jamoasi Vyetnamda boʻlib oʻtgan «Kasper kubogi» xalqaro oʻrtoqlik turniri gʻolibiga aylandi. Hal qiluvchi bahsda qirgʻizistonliklar final hushtagi chalinishi arafasida ikkita toʻp kiritib, musobaqa mezbonlarini 2:1 hisobida magʻlubiyatga uchratdi.
Uchrashuv 17-noyabr kuni Ninbin provinsiyasidagi «Txyen Chyong» stadionida boʻlib oʻtdi. 19-daqiqada mezbonlar Nguen Din Bakning goli evaziga hisobda oldinga chiqib oldi: u chap qanotdan yorib kirib, jarima maydonchasi tashqarisidan bergan zarbasi bilan darvozani ishgʻol qildi.
Vyetnamliklar deyarli oʻyin yakuniga qadar ustunlikni oʻz qoʻlida saqlab turdi, biroq 85-daqiqada Qirgʻiziston terma jamoasi sardori Valeriy Kichin burchakdan oshirilgan toʻpni bosh bilan darvozaga yoʻllab, muvozanatni tikladi. Oradan uch daqiqa oʻtib, Erbol Atabayev raqib posboni darvozadan ancha oldinga chiqib ketganini payqab qoldi va maydonning oʻz qismidan yoʻllagan zarbasi bilan toʻpni toʻrga kiritdi — 2:1.
Turnirda uchta terma jamoa — Qirgʻiziston, Vyetnam va Xitoy Taybeyi qatnashdi. Jamoalar oʻzaro bir martadan toʻqnash keldi, musobaqa gʻolibi esa jamgʻarilgan ochkolar soniga koʻra aniqlandi. Dastlabki uchrashuvda qirgʻizistonliklar Xitoy Taybeyini 3:0 hisobida tor-mor etgan edi. Ushbu oʻyinda Kayrat Jirgalbek uulu, Joel Kojo hamda Nurbol Akmatov gol muallifi boʻldi.
Shu tariqa, Urmat Abdukaimov shogirdlari har ikkala uchrashuvda ham gʻalaba qozonib, kiritilgan va oʻtkazib yuborilgan toʻplar nisbati 5:1 boʻlgan holda olti ochko bilan birinchi oʻrinni egalladi. Vyetnam uch ochko bilan ikkinchi boʻldi, Xitoy Taybeyi esa har ikki bahsda imkoniyatni boy berdi.
Abdukaimov Qirgʻiziston milliy terma jamoasi boshqaruvini 2026-yilning avgustida qabul qilib olgan. Uning oldida turgan asosiy vazifalardan biri — jamoani 2027-yili Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadigan Osiyo kubogiga tayyorlash hisoblanadi. Qirgʻizistonliklar qitʼa birinchiligida qatorasiga uchinchi bor maydonga tushadi. 2019-yilgi turnirda ular 1/8 finalgacha yetib borgan, 2023-yilgi musobaqada esa guruhdan chiqa olmagan edi. JCH–2026 saralashida Qirgʻiziston termasi oʻz tarixida ilk bor Osiyo saralash bosqichining uchinchi raundiga qadar yetib keldi, biroq mundial chiptasini qoʻlga kirita olmadi.



