Huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev Rossiya fuqaroligidan mahrum qilindi. Bu haqda Azat Miftaxov 11 avgust kuni Rossiya Oliy sudida videaloqa orqali ishtirok etarkan, ma’lum qildi. Bu haqda «Nastoyasheye vremya» xabar berdi. Miftaxov va Hamroyev Rossiyaning Uzoq Shimolidagi «Polyarnaya sova» koloniyasida jazo muddatini o‘tamoqda.
«Uni bir yil oldin, aprel oyida fuqarolikdan mahrum qilishgan. Ammo hujjat hozirgina keldi. Uning o‘zi uchun bu kutilmagan hol bo‘ldi. Aytishicha, hozir umuman hech qanday fuqaroligi yo‘q. U Rossiya fuqaroligini keyinchalik olmagan, undan oldin faqat Sovet fuqaroligi bo‘lgan», — deydi Miftaxov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolikdan mahrum qilinganini bilgan Hamroyev bundan xafa bo‘lmagan — bu kutilgan qaror edi. Huquq himoyachisining yaqinlaridan biri «Nastoyasheye vremya» bilan suhbatda shundayta’kidlagan. Ularning hukumat bunday qaror qabul qilishi mumkinligi haqidagi gumonlari 2025 yildayoq paydo bo‘lgan.
«2025 yil sentyabr oyida Bahromning iltimosiga ko‘ra, qarindoshlari uning “Gosuslugi”dagi akkauntiga kirishga urinib ko‘rishgan, ammo pasport ma’lumotlari va SNILS mavjud emasligi haqida xabar chiqqan», — deydi nashr suhbatdoshi.
Hamroyevning vakillari Rossiya Ichki ishlar vazirligidan uning Rossiya fuqaroligi bor-yo‘qligi haqida ma’lumot so‘rashgan, ammo ularga bunday so‘rov bilan faqat Hamroyevning o‘zi, hatto ozodlikdan mahrum etish joyida bo‘lsa ham, murojaat qilishi mumkinligi aytilgan. Taxminlarga ko‘ra, Hamroyev hozir aynan shunday so‘roviga javob olgan.
Hamroyev jazoni ijro etish muassasasining jarima izolatorida (SHIZO) saqlanayotgani sababli, yaqinlari u bilan aloqa qila olmayapti.
Rossiyada ekstremistik tashkilot deb topilgan inson huquqlarini himoya qilish «Memorial» markazining huquqiy bo‘limi rahbari Nataliya Sekretarevaning so‘zlariga ko‘ra, Hamroyevni fuqarolikdan mahrum qilishga hali 2021 yildayoq urinishgan.
«Prokuratura uning sobiq xotini bilan nikohi soxta bo‘lganini da’vo qilib, sudga da’vo kiritgan. Sobiq xotini OAVga nikoh soxta bo‘lmaganini tasdiqlagan va da’vo masalasi yopilgan. Ammo bir yil o‘tgach, Bahrom jinoiy ish bo‘yicha hibsga olindi», — degan Sekretareva.
«Nastoyasheye vremya»ning yana bir suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, Hamroyev hibsga olinishidan oldinoq O‘zbekiston maxsus xizmatlaridagi manbasidan Rossiya uning O‘zbekiston fuqaroligi bor-yo‘qligiga doir so‘rov yuborgani va salbiy javob olganini bilgan.
Sekretareva qo‘shimcha qilishicha, Hamroyev 1992 yilda O‘zbekistondan Rossiyaga ko‘chib o‘tgan va 1996 yilda Rossiya fuqaroligiga qabul qilingan.
«Bilishimcha, uning O‘zbekiston fuqaroligi yo‘q. Bugungi kunda Rossiya qonunchiligi boshqa davlat fuqaroligi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, keyinchalik qabul qilingan Rossiya fuqaroligidan mahrum qilish imkonini beradi», — dedi «Nastoyasheye vremya» suhbatdoshi.
Sekretareva Rossiya fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunning 24-moddasiga ko‘ra, naturalizatsiya orqali Rossiya fuqaroligini olgan shaxs (ya’ni tug‘ilganidan Rossiya fuqarosi bo‘lmagan shaxs) qonunda ko‘rsatilgan jinoyatlardan birini sodir etgan taqdirda Rossiya fuqaroligi tugatilishini eslatdi. Ular qatorida terrorizmga ommaviy da’vat qilish, terrorizmni oqlash yoki targ‘ib qilish hamda terrorchi tashkilot faoliyatida ishtirok etish bor. Bahrom Hamroyev aynan shu jinoyatlar bo‘yicha sudlangan.
ℹ️ Bahrom Hamroyev 1963 yil 12 oktyabrda O‘zbekistonning Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 1980-yillarning oxiri — 1990-yillarning boshlarida O‘zbekiston Xalq harakati «Birlik» faoli bo‘lgan. Siyosiy ta’qiblar sabab 1992 yilda vatanini tark etishga majbur bo‘lgan. Hamroyev Rossiyaga ko‘chib o‘tib, u yerda migrantlar huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashgan. Shu munosabat bilan Rossiya hukumati tomonidan bosimga duch kelgan. 2023 yil may oyida harbiy sud uni terrorizmni oqlash va terrorchi faoliyatni tashkil etishda ayblab, 13 yil 9 oylik qamoq jazosiga hukm qilgan.



