Japarov: Pekin Putinning roziligisiz Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘lini qurishdan bosh tortgan

Sadir Japarov va Vladimir Putin. NazarNews.org sayti fotosurati

Xitoy tomoni dastlab Rossiyaning roziligini olmasdan turib, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘lini qurishni boshlashdan bosh tortgan. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov jurnalist Ali Toktakunovga bergan intervyusida ma’lum qildi. Intervyu stenogrammasini Tazabek nashr etdi.

Japarovning so‘zlariga ko‘ra, u 2020 yilda hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay, o‘sha paytdagi Xitoy elchisi Du Devenni chaqirib, loyihani amalga oshirishni boshlashni taklif qilgan. Uchrashuv davomida u texnik-iqtisodiy asos (TIA) tayyorlash va O‘zbekiston bilan moliyalashtirish shartlarini muhokama qilish niyati borligini aytgan. Biroq Du Deven Qirg‘iziston bu masalani mustaqil hal qila olmasligini ochiq aytgan.

«Agar Rossiya qarshi bo‘lsa, agar Rossiya rozilik bermasa, biz bu temir yo‘l qurilishini boshlay olmaymiz», — deya Japarov Xitoy elchisining so‘zlarini keltirdi.

Du Deven Xitoy Yevroosiyo hududida joylashgani, Qirg‘iziston esa Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (KXTSHT) a’zosi ekanini, shuning uchun Moskva pozitsiyasini hisobga olmasdan turib loyihani amalga oshirish mumkin emasligini tushuntirgan. Bundan tashqari, Xitoy tomoni Torugartgacha taxminan 100 kilometrlik yangi temir yo‘l tarmog‘ini qurishi kerak bo‘ladi.

Japarov bu javobdan hayratlangan, ammo suhbatdan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ishchi uchrashuv tashkil etishni so‘ragan. Uchrashuv ertasi kuni bo‘lib o‘tgan. Qirg‘iziston rahbari Rossiyaga yolg‘iz o‘zi uchib borgan, muzokaralar taxminan 35–40 daqiqa davom etgan. Japarov Qirg‘iziston transport nuqtayi nazaridan berk hududda joylashgani va bu temir yo‘lga «havo va suvdek» muhtojligini ta’kidlab, Putinni loyihani amalga oshirish zarurligiga ishontirgan. Natijada u Rossiya prezidentining roziligini olgan va shundan keyin loyihaga start bergan.

Prezident Xitoyning pozitsiyasini tushunishini ta’kidlab, «bu buyuk davlatlar», shuning uchun ular bir-birining manfaatlarini hisobga olmasligi mumkin emasligini aytgan.

Magistralning ahamiyati haqida gapirar ekan, Japarov uni o‘n yilliklarga emas, balki ming yilliklarga mo‘ljallangan loyiha deb atadi. U temir yo‘lni oddiy Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li deb emas, balki yangilangan Buyuk Ipak yo‘li deb atashni taklif qildi. Uning fikricha, bu yo‘nalish birinchi navbatda Xitoy yoki boshqa davlatlarga emas, Qirg‘izistonning o‘ziga kerak.

Prezident tranzitdan keladigan iqtisodiy samarani davlat budjetiga har yili kamida 400–500 million dollar sof daromad sifatida baholadi. U temir yo‘lni «yangi Kumtor» — tugaydigan tabiiy resurslar o‘rnini bosadigan daromad manbai deb atadi.

Japarov, shuningdek, Qirg‘izistonning ichki temir yo‘l tarmog‘i postsovet davrida taxminan 45 kilometrga qisqarganini ma’lum qildi: relslar va shpallar demontaj qilinib, ularning o‘rniga xususiy kompaniyalar neft bazalari va boshqa obyektlar qurgan. So‘nggi yillarda davlat qariyb 65 kilometr yangi temir yo‘l qurgan. Rejalarda tarmoqni Makmalgacha yetkazish bor. Prezidentning baholashicha, qurilishni mamlakatning o‘zi mustaqil amalga oshirsa, bu taxminan o‘n yil vaqt va 1 milliard dollarga yaqin mablag‘ talab qilishi mumkin. Investor jalb qilingan taqdirda esa ishlarni 2032–2035 yillarga qadar yakunlash mumkin.

Shu bilan birga, Japarovning ta’kidlashicha, temir yo‘l qurilishini barbod qilishni istaydigan tashqi va ichki kuchlar mavjud. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ular blogerlar va «baqiroqlar»dan foydalanib, uning fikricha, chetdan moliyalashtirilayotgan «Xitoy tahdidi» mavzusini avj oldirmoqda. Japarov Xitoy mutaxassislarining mamlakatda bo‘lishini ortiqcha dramalashtirmaslikka chaqirdi: uning ta’kidlashicha, ishlar yakunlangach, ular mamlakatni tark etadi.

ℹ️ «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘li loyihasi so‘nggi o‘n yilliklarda Markaziy Osiyodagi eng yirik infratuzilma loyihalaridan biriga aylandi. Qashg‘ar — Torugart — Makmal — Jalolobod — Andijon yo‘nalishi bo‘yicha magistralning umumiy uzunligi 532 kilometrni tashkil etadi, shundan 312 kilometri Qirg‘iziston hududidan o‘tadi. Loyiha qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. Kelishuv shartlariga ko‘ra, qo‘shma korxonada Xitoy 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston esa 24,5 foizdan ulushga ega bo‘ladi.

Loyihani birgalikda ilgari surish to‘g‘risidagi kelishuv 2024 yil 6 iyunda imzolangan, o‘sha yil 27 dekabrda Jalolobod viloyatida qurilish boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Loyihani 2030-yillarning boshlarida yakunlash rejalashtirilgan. Yangi magistral Xitoydan Yaqin Sharq mamlakatlariga bo‘lgan yo‘lni 900 kilometrga qisqartiradi, yuklarni yetkazib berish muddatini 7–8 kunga kamaytiradi hamda Yevroosiyo kontinental ko‘prigining janubiy bo‘g‘iniga aylanib, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Turkiya va Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish imkonini beradi.