Yevropa Ittifoqi va G‘arbning 26 ta davlati 12 avgust kuni qo‘shma bayonot bilan chiqib, namoyish ishtirokchilarining qatl etilishini davom etayotgani hamda Eron hukumati tomonidan o‘lim jazosi qo‘llanilishini eng keskin shaklda qoraladi. Bu haqda Fransiyaning Yevropa va Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida ma’lum qildi.
Imzolovchilar Tehronni «o‘z xalqiga quloq tutishga», inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishga, o‘lim jazosini qo‘llashni zudlik bilan to‘xtatishga va o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan shaxslarni ozod qilishga chaqirdi. Shuningdek, ular fuqarolarga so‘z erkinligi va tinch yig‘inlar o‘tkazish huquqlaridan erkin foydalanish imkoniyatini ta’minlashni talab qildi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, o‘lim jazosidan muxolifatni bostirish, jamoalarni qo‘rqitish va o‘z inson huquqlarini amalga oshirayotgan odamlarni jazolash uchun foydalanishni oqlab bo‘lmaydi.
Ushbu talablar fonida huquq himoyasi tashkilotlari Eronda qatllar soni keskin oshganini qayd etmoqda. Iran Human Rights va Together Against the Death Penaltyning qo‘shma hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda kamida 1639 kishi qatl etilgan — bu 2024 yildagi ko‘rsatkich (975 kishi)dan 68 foizga ko‘p va so‘nggi 36 yildagi (1989 yildan buyon) eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Qatllarning aksariyati giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar va qotilliklar bilan bog‘liq bo‘lgan. Biroq, qatl etilganlar orasida namoyish ishtirokchilari, shuningdek, siyosiy va «milliy xavfsizlik mulohazalari» asosida sudlangan shaxslar ham bor.
G‘arb davlatlarining bayonoti 2026 yil boshidagi ommaviy namoyishlardan so‘ng davom etayotgan repressiyalar to‘lqini fonida yangradi.



