Toliblar taqiqlari 2,4 mln afg‘on qizlarini o‘rta ta’lim olish imkoniyatidan mahrum qildi

Reuters fotosurati

Afg‘onistonda qariyb 2,4 million nafar qiz toliblar* tomonidan maktablarga borishga qo‘yilgan taqiq tufayli o‘rta ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan. Bunday statistikani YUNЕSKOning favqulodda vaziyatlarda ta’lim masalalari bo‘yicha dasturi koordinatori Hoda Jaberian keltirdi, deb xabar beradi Amu.tv.

Xalqaro tashkilot vakili ta’kidlashicha, avvalgi hisobot bilan taqqoslaganda maktabga borish huquqidan mahrum bo‘lgan qizlar soni qariyb 200 ming nafarga ko‘paygan. Buning sababi «Tolibon»* taqiqining kumulyativ ta’sirga ega ekanidir: vaqt o‘tishi bilan tobora ko‘proq afg‘onistonlik qizlar o‘rta ta’lim olish uchun zarur bo‘lgan yoshga yetib bormoqda.

Vaziyatni vatanga qaytib kelayotgan qochqinlar ham murakkablashtirmoqda: ularning 56 foizini 15 yoshga to‘lmagan bolalar tashkil etadi. Biroq, YUNЕSKO xodimi voyaga yetmagan repatriantlarning qancha qismini aynan qizlar tashkil etishi haqida aniq ma’lumotlar yo‘qligini qayd etadi. Shunga qaramay, agar ular xorijda maktabga qatnagan bo‘lsa, Afg‘onistonda bunday imkoniyatga ega bo‘lmaydi.

Jaberian ta’kidlashicha, statistika faqat o‘rta ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lganlarni qamrab oladi. Chunki toliblar taqiqlari bo‘lmaganida qanchadan qizlar maktabni tamomlashi, oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishi va kirish imtihonlaridan o‘tishi mumkinligini tasavvur qilish imkonsiz.

Shuningdek, Afg‘onistonda oliy ta’lim sohasida ham muammolar mavjud — «Tolibon» qizlarni universitetlarda o‘qishini taqiqlagan, jumladan, avval bu cheklovlar tatbiq etilmagan ta’lim muassasalarida ham. Xususan, gap tibbiyot oliygohlari haqida bormoqda.

Jaberianning so‘zlariga ko‘ra, endi hech qanday imtiyoz yo‘q: afg‘onistonlik qizlarga o‘qishni davom ettirish, akkreditatsiya va diplom olish taqiqlangan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozir YUNЕSKO bu masala bo‘yicha toliblar bilan muzokaralar olib bormayapti. Biroq tashkilot «Malaka pasporti» dasturini amalga oshirmoqda. Uning doirasida Afg‘onistondan qochqinlarni qabul qilayotgan mamlakatlardagi oliy ta’lim muassasalari va ish beruvchilarga talabalarning bilimlari hamda ish o‘rinlariga nomzodlarning ko‘nikmalarini baholashda yordam ko‘rsatilmoqda.

YUNЕSKO vakili “Tolibon” siyosati o‘g‘il bolalar ta’lim tizimiga ham zarar yetkazganini ta’kidlaydi. Chunki hokimiyat malakali pedagoglarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatib, ularning o‘rniga tayyorgarligi yetarli bo‘lmagan odamlarni ishga qabul qilmoqda. YUNЕSKO masofaviy ta’lim va savodxonlikni oshirish dasturlarini amalga oshirayotgan bo‘lsa-da, bularning baribir sinfdagi darslar va professional o‘qituvchilarning o‘rnini bosa olmasligini Jaberian qayd etadi.

Shu bilan birga, xalqaro tashkilot Afg‘onistonda ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni davom ettirish va parallel ravishda toliblardan taqiqlarni bekor qilishni talab qilish niyatida. Jaberian ta’kidlashicha, afg‘onistonlik qizlar va ayollar ta’lim olishlari kerak, xalqaro hamjamiyat esa inson huquqlarini tiklash uchun kurashmog‘i zarurdir.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot