Nijnekamskka halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari maxsus reys bilan Vatanga olib kelindi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati fotosurati

Nijnekamskdagi dronlar hujumi oqibatida qurbon bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadlari Vatanga maxsus reys bilan olib kelindi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

«Gazeta.uz» ma’lumotiga ko‘ra, jasadlarni tashish uchun samolyotni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi taqdim etgan. O‘zbekiston Migratsiya agentligi ma’lum qilishicha, dafn marosimlari bilan bog‘liq xarajatlar davlat mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Nijnekamskka dronlar hujumi 10 avgust kuni ertalab sodir bo‘ldi. Hujum oqibatida 13 kishi, jumladan, sakkiz nafar O‘zbekiston va bir nafar Tojikiston fuqarosi halok bo‘ldi. Yana 75 kishi, shu jumladan, qariyb 20 nafar xorijlik jarohat oldi, ularning 21 nafari kasalxonaga yotqizildi. Shu kuni Tatarstanda motam e’lon qilindi.

Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari dron zarbasi tekkan xostelda yashagan. Ularning barchasi qurilish sohasida ishlagan.

O‘zbekiston Nijnekamskda o‘z fuqarolarining halok bo‘lishi holatlarini o‘rganish uchun hukumat komissiyasini tuzdi va voqea joyiga ishchi guruh yubordi. Uning tarkibiga Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Migratsiya agentligi va boshqa idoralar vakillari kiritildi. Halok bo‘lganlarning jasadlari sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekistonga yuborilishi xabar qilingan edi.