Qozog‘istonlik jurnalist Lukpan Ahmedyarovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Videodan kadr. Lukpan Axmedyarov

Ostona politsiyasi qozog‘istonlik jurnalist va «Prosto jurnalistika» YouTube kanali muallifi Lukpan Ahmedyarovga nisbatan sudgacha bo‘lgan tergovni boshladi. Bu haqda so‘z erkinligini himoya qilish bo‘yicha «Әdіl sөz» jamg‘armasi xabar berdi.

Tergov Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 274-moddasi — «Qasddan yolg‘on axborot tarqatish» bo‘yicha olib borilmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, jinoiy ishga O‘skemen shahrida yashovchi Andrey Kotovning arizasi sabab bo‘lgan. Uning ismi Ukraina davlatining «Xochu jit» loyihasi tomonidan e’lon qilingan, Rossiya tomonida Ukrainada urush olib borayotgan Qozog‘iston fuqarolari ro‘yxatida tilga olingan.

Kotovning aytishicha, u janglarda ishtirok etmagan, balki Rossiyada vaxta usulida ishlagan. U mazkur publikatsiya uning obro‘siga putur yetkazgan, deb hisoblaydi va Ahmedyarovni javobgarlikka tortishni talab qilgan. Yana bir qozog‘istonlik — Ruslan Muhametov ham ijtimoiy tarmoqlarda shunga o‘xshash ariza bilan chiqqan, deb xabar beradi «Azattiq» radiosi.

Ahmedyarovning tushuntirishicha, u bu ma’lumotni aynan Qozog‘iston hukumatining mamlakat fuqarolarini Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etish uchun yollash muammosiga e’tiborini qaratish maqsadida e’lon qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jurnalist ro‘yxatdagi barcha shaxslar haqiqatdan ham janglarda ishtirok etayotganini tasdiqlamagan.

«Biz ro‘yxatda ko‘rsatilgan 661 nafar Qozog‘iston fuqarosi urushda qatnashayotganini aniq bilamiz, deb yozmaganmiz. Biz shunday ro‘yxat paydo bo‘lganini yozdik. Mening maqsadim Qozog‘iston hukumati e’tiborini bu masalaga qaratish edi», — degan jurnalist.

Ahmedyarovga nisbatan tergov olib borilishi mumkinligi haqida 3 avgustdagi voqeadan so‘ng ma’lum bo‘ldi. O‘sha kuni Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara xizmati uni oilasi bilan birga Ostona aeroportidan chet elga chiqarmagan.

Jurnalist Chernogoriyaga dam olish uchun bormoqchi bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, chegarachilar unga chiqishga qo‘yilgan taqiqni Ostona politsiyasi joriy etganini ma’lum qilgan.

Bundan avval, 31 iyul kuni Ahmedyarov politsiyaga chaqiruv qog‘ozi bilan chaqirilgan va u yerda tushuntirish xati yozgan. Jurnalistning aytishicha, aynan shundan so‘ng u Kotovning arizasi haqida xabar topgan. Xorijga safar bekor qilinganidan so‘ng Ahmedyarovning ta’kidlashicha, u politsiyaga qayta chaqirilmagan.

Lukpan Ahmedyarov — taniqli qozog‘istonlik jurnalist, fuqarolik faoli va huquq himoyachisi, «Uralskaya nedelya» gazetasining sobiq bosh muharriri. U qator shov-shuvli jurnalistik surishtiruvlar muallifi hisoblanadi. So‘nggi yillarda jurnalist «Prosto jurnalistika» loyihasi doirasida ijtimoiy-siyosiy muammolar, jumladan, Qozog‘iston fuqarolarini Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etish uchun yollash masalasi haqida materiallar tayyorlab kelmoqda.

Ukrainaning «Xochu jit» loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon Markaziy Osiyo davlatlarining qariyb 13 ming fuqarosi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan, ular orasida 2 mingdan ortiq qozog‘istonlik bor. Bu ma’lumotlar Ukraina tomoniga tegishli axborot hisoblanadi.

Ahmedyarovga nisbatan bosim o‘tkazilayotganiga avvalroq Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) ham e’tibor qaratgan va Qozog‘iston hukumatini uni ta’qib qilishni to‘xtatishga chaqirgan.