Farg‘ona shahrida IIB xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati vakillari bilan hamkorlikda o‘z xonadonida qizlar uchun yashirin diniy maktab tashkil etgan 39 yoshli ayolni ushladi. Ayol mashg‘ulotlarni pullik asosda o‘tkazgan. Bu haqda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga tayanib, UzNews.uz nashri xabar berdi.
Tergov materiallariga ko‘ra, noqonuniy o‘quv xonasida (hujrada) 41 nafar tarbiyalanuvchi tahsil olgan. Bolalar Qo‘qon shahri, Uchko‘prik, Yozyovon, Buvayda va Bag‘dod tumanlaridan bo‘lgan. Ularning barchasi o‘qish paytida uyda yashagan. Tarbiyalanuvchilar orasida 5-6 yoshli qizlar ham bo‘lgan.
Shu bilan birga, diniy ta’limni olib borgan ayol oliy ma’lumotga va tegishli diplomga ega bo‘lmagan. Shunga qaramay, u qizlarning ota-onalaridan har bir o‘quvchi uchun oyiga 600 ming so‘m (50 dollar) miqdorida haq olgan.
Farg‘ona shahrida yashovchi ayolga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-2-moddasi 2-qismi («Diniy ta’limotlarni o‘qitish tartibini buzish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qonunga ko‘ra, bunday jinoyat uchun eng kam jazo 50 bazaviy hisoblash miqdori (BHM), ya’ni 20,6 million so‘m (1,7 ming dollar) miqdorida jarima, eng og‘ir jazo esa uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar aniqlik kiritishicha, qizlarning ota-onalari ham jazodan chetda qolmagan. Ularga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi 3-qismi (“Bolalarga ta’lim va tarbiya berish majburiyatlarini bajarmaslik”) bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Mazkur holatda aybdor shaxslarga 5 dan 10 BHMgacha — 2 million so‘mdan (173 dollar) 4,1 million so‘mgacha (346 dollar) miqdorida jarima solinishi mumkin.



