Nijnekamskda dronlar hujumi oqibatlari ko‘zdan kechirilmoqda. Tatarstan rahbari matbuot xizmati fotosurati
Ukraina dronlarining Nijnekamsk shahriga hujumi vaqtida dronlardan biri mahalliy xostelga urilgan. Bu yerda hujumda halok bo‘lgan jami 13 kishidan to‘qqiz nafari vafot etgan. Bu ma’lumotni Tatarstan rahbari Rustam Minnixanov matbuot xizmati taqdim etdi, deb xabar beradi «Respublika Tatarstan» nashri.
Respublika rahbari Nijnekamskka tashrif buyurib, dronlarning keng ko‘lamli hujumi oqibatlari bilan shaxsan tanishgan. Hujum oqibatida nafaqat sanoat korxonalari zarar ko‘rgan. Shu hududdagi xostel ham zarbaga uchragan. Hozir fojia joyida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qayd etish lozim, xostellarda ko‘pincha mehnat migrantlari yashaydi, biroq respublika hokimiyati ushbu obyektda halok bo‘lganlar orasida qanchasi xorij fuqarolari ekanini aniqlashtirmagan.
Shu bilan birga, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarosining halok bo‘lganini tasdiqladi. U 30 yoshli R.B. bo‘lgan. Vazirlik jabrlangan tojikistonlik fuqarolar haqidagi ma’lumotlar aniqlashtirilayotganini ma’lum qilgan.
Avvalroq, O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi Ukraina dronlarining Nijnekamskka hujumi oqibatida Markaziy Osiyoning ushbu respublikasi yetti nafar fuqarosi halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi.
Diplomatik vakolatxona vaziyat nazorat ostida ekanini, mahalliy tergovchilar bilan aloqa o‘rnatilganini ta’kidladi. Sud-tibbiy ekspertizasi va boshqa zarur rasmiy jarayonlar yakunlanganidan so‘ng marhumlarning jasadlarini vatanga olib kelish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, halok bo‘lganlar orasida bir nafar bola borligi ma’lum. Gap dronlar hujumi vaqtida xonadon balkonida uxlab yotgan besh yoshli qiz haqida bormoqda. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, dron daraxtga urilib, portlagan, uning parchalari qiz uxlab yotgan turar joy binosiga zarar yetkazgan. Qiz tez tibbiy yordam yetib kelgunga qadar vafot etgan.
Nijnekamsk hokimiyati halok bo‘lgan bolaning oilasiga 1 million rubl (12,1 ming dollar) miqdorida to‘lov berishi va dafn marosimini tashkil etish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Tatarstan rahbari Minnixanov dron hujumi qurbonlari va jabrlanganlarga pul kompensatsiyalari berilishini e’lon qildi.
«Halok bo‘lganlarning oilalariga 2 million rubl (24,2 ming dollar) miqdorida to‘lov ko‘zda tutilgan. Jabrlanganlarga jarohatlarning og‘irlik darajasiga qarab 300 ming (3,6 ming dollar)dan 600 ming rublgacha (7,2 ming dollar) to‘lov beriladi. Bundan tashqari, me’yoriy hujjatlarga muvofiq, qisman yoki to‘liq yo‘qotilgan mol-mulk uchun ham kompensatsiya to‘lanadi», — deyiladi Tatarstan rahbari matbuot xizmati xabarida.
Nijnekamskka dronlar hujumi 10 avgust kuni sodir bo‘ldi. Hujum oqibatida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ham bo‘lgan 13 kishi halok bo‘ldi. 75 kishi jarohat olgan, ulardan 21 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Tatarstanda 10 avgust motam kuni deb e’lon qilindi.



