O‘zbekistonliklar AQSHga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga taklif qilinadi

Kelishuvni imzolash marosimi. O‘zbekiston hukumati huzuridagi Migratsiya agentligi matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston hukumati huzuridagi Migratsiya agentligi fuqarolarni Amerika Qo‘shma Shtatlariga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga yuborish uchun tanlov boshlanganini ma’lum qildi. Vatandoshlarni xorijda ishlashga tayyorlash loyihasi AQSHdagi hamkorlar bilan tuzilgan kelishuv asosida amalga oshiriladi, deb xabar beradi Migratsiya agentligi matbuot xizmati.

Tegishli hujjat agentlik tomonidan AQSHning «yirik rekruting kompaniyalaridan biri» bilan imzolangan, ammo uning nomi ochiqlanmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston fuqarolari AQSHda H-2A dasturi orqali ishlaydi. Bu qishloq xo‘jaligi sohasida vaqtincha ishlash uchun AQSHga kiradigan xorijliklarga beriladigan noimmigratsion vizalar toifasi hisoblanadi.

Ruxsatnoma muayyan ish turlari uchun rasmiylashtiriladi, masalan, hosil yig‘ish, o‘simliklarni parvarish qilish, fermerlik ishlari va boshqalar. Shuningdek, ushbu viza bo‘yicha xorijdan ishchi kuchini so‘ragan aniq tadbirkor yoki kompaniya ko‘rsatiladi, chunki bu turdagi viza bilan mustaqil ravishda ish qidirish yoki ish beruvchini almashtirish taqiqlanadi.

Qabul qiluvchi tomon qoidalarga muvofiq, yollangan xodimga mahalliy eng kam ish haqini to‘lashi, bepul turar joy bilan ta’minlashi va ish joyiga borish hamda qaytish xarajatlarini qoplashi shart.

H-2A vizasi migrantga keyinchalik AQSHda yashash uchun ruxsatnoma olish maqsadida hujjat topshirish imkonini bermaydi.

O‘zbekiston Migratsiya agentligi ma’lum qilishicha, AQSHlik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ish beruvchilar ehtiyojlarini hisobga olgan holda o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi, ingliz tili va kasbiy tayyorgarlik kurslari tashkil etiladi, nomzodlarning ko‘nikmalarini baholash asosida sertifikatlash tizimi hamda shaffof tanlov mexanizmlari joriy qilinadi.

Yakuniy bosqichda migrantlarga AQSH mehnat qonunchiligi asoslari tushuntiriladi. Agentlik mavsumiy ishlar tugagach, vatandoshlarning yurtga qaytishini ta’minlaydi.

Ish beruvchilarning dastlabki talablari va AQSHga yuborish uchun ro‘yxatdan o‘tish tartibi haqidagi batafsil ma’lumot keyinroq Migratsiya agentligining Telegramdagi Xorijda ish kanalida e’lon qilinadi, deya ma’lum qildi agentlik.