Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlaparni himoya qilish ko‘mitasi (CPJ) Qozog‘iston hukumatini «Prosto jurnalistika» YouTube-kanali muallifi, jurnalist Luqpon Ahmedyarovni ta’qib qilishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda tashkilot bayonotida so‘z yuritilgan.
CPJ ma’lumotlariga ko‘ra, 3 avgust kuni Ahmedyarovga Qozog‘istondan chiqish taqiqlangan. Jurnalist Ostonadan Chernogoriyaga, oilasi bilan ta’til o‘tkazish uchun uchishi kerak bo‘lgan, ammo parvoz qila olmagan. Chegara nazorati vaqtida unga chiqishga qo‘yilgan cheklov politsiya tomonidan kiritilgani aytilgan.
Ahmedyarovning o‘zi CPJga qo‘shimcha tushuntirishlar berilmaganini ma’lum qilgan. Uning fikricha, taqiq 31 iyul kuni politsiyaga chaqirilgani bilan bog‘liq. O‘sha kuni u 2025 yil aprelida e’lon qilingan, Ukrainada Rossiya tomonida urushda qatnashgan deb taxmin qilingan Qozog‘iston fuqarolari ro‘yxati keltirilgan materiallar yuzasidan so‘roq qilingan. Ushbu ro‘yxat avvalroq Ukrainaning «Xochu jit» loyihasi tomonidan e’lon qilingan edi.
CPJ ta’kidlashicha, ro‘yxatga kiritilgan ikki nafar Qozog‘iston fuqarosi ular xatolik tufayli ro‘yxatga kiritilganini bildirgan va jurnalistni javobgarlikka tortishni ochiq talab qilgan.
Ahmedyarov unga nisbatan ataylab yolg‘on ma’lumot tarqatish yoki shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy tarqatish haqidagi moddalar asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan xavotirda. CPJ bu xavotirlarni asosli deb hisoblaydi va so‘nggi vaqtlarda Qozog‘iston jurnalistlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini misol keltiradi: ayrim jurnalistlar hibsga olingan, uy qamog‘iga joylashtirilgan yoki kasbiy faoliyati cheklangan.
Tashkilot Ahmedyarovga 2012 yilda hujum qilinganini ham eslatadi: u sakkiz marta pichoqlangan va travmatik quroldan ikki marta o‘q uzilishi natijasida jarohat olgan. So‘nggi yillarda jurnalist Qozog‘iston fuqarolarini Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashish uchun yollash mavzusini yoritib kelmoqda.
CPJ ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil aprel oyida Ahmedyarov xuddi shu mavzuga oid materiallar sabab yolg‘on ma’lumot tarqatish ishi doirasida ushlangan va so‘roq qilingan. 2026 yil iyun oyida esa u yana qisqa muddatga ushlangan va unga nisbatan Rossiyada qo‘zg‘atilgani aytilgan, ammo tafsilotlari ochiqlanmagan jinoyat ishi mavjudligi haqida xabar berilgan.
Bundan tashqari, qo‘mita so‘nggi bir yil davomida jurnalistning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari bir necha bor bloklangani, shuningdek, go‘yoki mualliflik huquqlari buzilgani haqidagi shikoyatlardan keyin uning materiallari o‘chirilganini ma’lum qildi. Iyul oyida noma’lum shaxs Ahmedyarov avtomobiliga bo‘yoq sepgan.
CPJ Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi orqali Ostona politsiyasiga so‘rov yuborgan. Biroq, bayonot e’lon qilingan paytga qadar javob olinmagan.
Luqpon Ahmedyarov — Qozog‘istonda tanilgan jurnalist, fuqarolik faoli va huquq himoyachisi. U «Uralskaya nedelya» nashrining sobiq bosh muharriri bo‘lib, ko‘plab shov-shuvli jurnalistik surishtiruvlar muallifi hisoblanadi. So‘nggi yillarda u YouTubedagi «Prosto jurnalistika» loyihasi doirasida Ukrainadagi urush haqida bir nechta maxsus reportajlar tayyorlagan.
Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar Qozog‘istonda mustaqil ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarga nisbatan bosim kuchayib borayotgani haqida bir necha bor ma’lumot bergan. So‘nggi bir yil ichida mamlakatda media va blogerlar vakillariga qarshi o‘nlab jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, sudlar esa ularga ozodlikni cheklash va jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlash kabi jazolar tayinlagan.



