Avstriya hukumati tojikistonlik muxolifatchi Shavkat Muhammad (Shavkatjon Sharifov), uning onasi va ukasi ekstraditsiya qilinishiga oid so‘rovga rad javobini berdi. Bu qarorni 5 avgust kuni Vena Jinoyat sudi qabul qildi, deb xabar beradi «Ozodi» Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi (TIUP) raisi Muhiddin Kabiriyga tayangan holda.
TIUP rahbarining so‘zlariga ko‘ra, sud majlisida ishtirok etgan Avstriya tomoni Tojikiston hukumati so‘rovini asossiz deb topgan. Qayd etilishicha, ish bo‘yicha eshituv qisqa davom etgan va sudya rasmiy Dushanbe so‘rovida ko‘rsatilgan uch nafar fuqaroni Yevropa davlatidan chiqarib yuborishni rad etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ekstraditsiya talabini Tojikiston Ichki ishlar vazirligi joriy yil aprel oyida bergan. So‘rovga ko‘ra, Avstriyadan 18 nafar tojikistonlikni ushlab, ularni vatanga qaytarish so‘ralgan. Ro‘yxatda Shavkat Muhammad, uning 77 yoshli onasi Sharofat Sharifova va ukasi Biloliddin Sharifov ham bor bo‘lgan.
Tojikiston ushbu shaxslarning barchasini ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblamoqda. Biroq, gumonlanuvchilarning o‘zi jinoiy ta’qib siyosiy sabablarga asoslangan deya hisoblaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, oppozitsiya vakilining yana bir ukasi Asliddin Sharifov vatanida taqiqlangan tashkilotlar bilan aloqalari uchun 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Mahkumning oilasi bu Shavkat Muhammadning xorijdagi faoliyati bilan bog‘liq deb hisoblaydi.
Shavkat Muhammad Tojikistonda taqiqlangan muxolifat harakati — Tojikiston Milliy alyansi vakili hisoblanadi. Ilgari u o‘z vatanida taqiqlangan Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining So‘g‘d viloyatidagi bo‘limiga rahbarlik qilgan.
Siyosatchi o‘n yildan ortiq vaqtdan beri xorijda yashaydi. U ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston rahbariyatini muntazam tanqid qiladi. Joriy yil iyul oyida, Avstriya sudida ishi ko‘rib chiqilishidan oldin, tojikistonlik siyosatchi Dushanbe shahriga ekstraditsiya qilinishidan xavfsirayotganini ochiq aytgan. Uning fikricha, u yerda ta’qib qilinishi va adolatli sud huquqi buzilishi mumkin.
Shu bilan birga, Yevropaning yana bir davlati — Germaniya — aksincha, tojikistonlik muxolifatchilarni vatanga qaytarishga to‘sqinlik qilmayapti. Masalan, yaqinda Tojikiston hukumati va prezident Emomali Rahmonni tanqid qilgani bilan tanilgan Asadullo Boboyev Dushanbe shahriga ekstraditsiya qilingan.
Inson huquqlari himoyachilari ushbu qarorga keskin salbiy munosabat bildirdi. Jumladan, Human Rights Watch xalqaro huquq boshqa davlatda qiynoq xavfiga duch kelishi mumkin bo‘lgan shaxslarni ekstraditsiya qilishni taqiqlashini eslatgan. Tashkilot ta’kidlashicha, bu qoida Germaniya tomonidan ratifikatsiya qilingan bir nechta xalqaro shartnomalarda ham aks etgan. Shu bilan birga, Berlindan Boboyevni chiqarib yuborish ishini qayta ko‘rib chiqish va muxolifat vakilining ushlanishi munosabati bilan Tojikistonga bosim o‘tkazish so‘ralgan.



