Ostonada yo‘lovchi ishtirokida ilk bor uchuvchisiz aerotaksi sinovdan o‘tkazildi

gov.kz sayti fotosurati

Ostonada Qozog‘iston tarixida ilk bor uchuvchisiz aerotaksi sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda respublika Transport vazirligi ma’lum qildi.

Sinov parvozi poytaxtda maxsus ajratilgan hududda xalqaro «Kelajak o‘yinlari — 2026» turniri doirasida o‘tkazildi. Parvozda EH216-S rusumli uchuvchisiz yo‘lovchi havo kemasi odam bilan birga ishtirok etdi.

EH216-S — bu ikki nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan, vertikal uchish va qo‘nish imkoniyatiga ega (eVTOL) seriyali elektr uchish apparati hisoblanadi. Uning maksimal tezligi soatiga 130 kilometrga yetadi, parvoz masofasi esa 35 kilometrgacha bo‘lishi mumkin.

Dastlabki bosqichda hukumat Qozog‘istonning tabiiy, madaniy va tarixiy diqqatga sazovor joylari ustida davomiyligi 5 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lgan namoyish va sayyohlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Kelajakda uchuvchisiz yo‘lovchi havo apparatlari mamlakat transport infratuzilmasining bir qismiga aylanishi mumkin.

Yo‘lovchilarni tashishdan tashqari, bunday havo tizimlaridan tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish, dori-darmonlarni yetkazib berish, yong‘inlarni o‘chirish, logistika va tezkorlik muhim bo‘lgan boshqa operatsiyalarda foydalanish rejalashtirilmoqda.

Loyiha doirasida xalqaro hamkorlik asosida Qozog‘istonda yo‘lovchi tashuvchi uchuvchisiz apparatlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ham ko‘zda tutilgan.

Kutilishicha, bu yuqori texnologiyali mashinasozlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkonini beradi. Vazirlik loyihaning tafsilotlari, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish muddatlari va investitsiyalar hajmini ma’lum qilmagan.

Shu bilan birga, vazirlik «shahar havo harakatchanligi»ni joriy etish uchun me’yoriy-huquqiy bazani yaratayotganini ta’kidlagan. Hozirga qadar eVTOL havo kemalaridan foydalanish, vertiportlar faoliyati va uchuvchisiz havo harakatini boshqarish tizimini tartibga soluvchi qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar qabul qilingan.

O‘tgan kuzda Qozog‘iston yangi Alatau shahrida aerotaksi xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun qariyb 300 million dollarlik eVTOL elektr samolyotlarini xarid qilishi haqida xabar berilgan edi. Tegishli memorandum Vashingtonda Qozog‘iston Transport vazirligi, elektr samolyotlar ishlab chiqaruvchisi — AQSHning Joby Aviation kompaniyasi, havo taksisi operatori sifatida ishtirok etadigan xususiy Alatau Advance Air Group kompaniyasi hamda tadbirkor Vyacheslav Kim tomonidan imzolangan. Vyacheslav Kim Forbes reytingi bo‘yicha 7,1 milliard dollarlik boyligi bilan Qozog‘istonning eng boy insonlari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallaydi.