Qirg‘iziston hukumati Tyan-Shan tog‘ tizmasining eng baland nuqtasi bo‘lgan Pobeda cho‘qqisiga chiqish uchun ruxsatnoma tizimini joriy qildi. Cho‘qqini zabt etishni rejalashtirayotgan barcha shaxslar uchun ushbu hujjat majburiy bo‘ladi, deya xababer beradi 24.kg nashri respublika Turizmni rivojlantirish davlat agentligi ma’lumotlariga tayangan holda.
Yangi tartib allaqachon kuchga kirgan. Endi har qanday alpinist Pobeda cho‘qqisiga ko‘tarilish uchun rasmiy ruxsatnoma olishi kerak bo‘ladi. Agentlik ushbu xizmat bepul yoki bepul emasligini aniq ma’lum qilmagan.
Yaqin vaqt ichida hukumat yuqori tayyorgarlik darajasiga ega taxminan 20 nafar alpinistga ruxsatnoma berishni rejalashtirmoqda.
Agentlik ma’lum qilishicha, yangi tizimni joriy etishga Tyan-Shanning yuqori hududlarida sodir bo‘lgan bir qator baxtsiz hodisalar sabab bo‘lgan. Jumladan, o‘tgan yili rossiyalik alpinist Natalya Nagovitsina halok bo‘lgani ham bunga sabablardan biri sifatida qayd etilgan.
ℹ️ Pobeda cho‘qqisining balandligi 7439 metrni tashkil etadi. Unga ko‘tarilish dunyodagi eng murakkab alpinistlik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Kuzatuvlar olib borilgan davr mobaynida ushbu hududda kamida 80 nafar alpinist halok bo‘lgan.
ℹ️ Natalya Nagovitsina 2025 yil 12 avgust kuni alpinistlar guruhi tarkibida Pobeda cho‘qqisiga chiqishni boshlagan. Cho‘qqida u oyog‘ini sindirib olgan va mustaqil harakatlanish imkoniyatini yo‘qotgan. Birinchi yordamni uning sherigi ko‘rsatgan, keyin u yordam olib kelish uchun pastga tushishga majbur bo‘lgan. Ertasi kuni rossiyalik alpinist yoniga Italiya va Germaniyadan kelgan alpinistlar yetib borgan. Ular o‘zlari bilan uxlash xaltasi, isitgich moslamasi, oziq-ovqat va gaz balloni olib kelishgan. Tushish vaqtida italiyalik Luka Sinigilya sovuq urishi oqibatida halok bo‘lgan.
Nagovitsinani evakuatsiya qilishga qaratilgan urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan. 16 avgust kuni Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi vertolyoti qattiq qo‘nishni amalga oshirgan, natijada ikki kishi jarohat olgan. Keyin ob-havo sharoiti yomonlashgani sabab qutqaruv operatsiyasi to‘xtatilgan. Bir hafta o‘tib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Nagovitsinaning halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan, 27 avgust kuni esa u rasman bedarak yo‘qolgan deb tan olingan. Sentyabr oyi boshida rossiyalik alpinist ayolni qutqarish operatsiyasi rasman yakunlangani ma’lum qilingan.
2021 yili Nagovitsinaning turmush o‘rtog‘i ham Pobeda cho‘qqisida halok bo‘lgan edi.



