Qozog‘iston Rumavi kompaniyasi har yili tuzadigan Global Relocation Index 2026 reytingida Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi. Umumiy reytingda respublika 192 mamlakat orasida 77-o‘rinni qayd etib, 62,9 ball to‘pladi.
Tadqiqotchilar 192 ta davlat va hududni 24 ta mezon asosida baholagan. Ushbu mezonlar to‘rtta asosiy yo‘nalishga birlashtirilgan: moliyaviy sharoitlar va soliq tizimi, hayot sifati va sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va barqarorlik, shuningdek ko‘chib o‘tish va keyingi moslashish imkoniyatlari. Har bir ko‘rsatkich 0 dan 100 ballgacha bo‘lgan yagona shkalaga keltirilgan bo‘lib, yuqori ball mamlakatda ko‘chib o‘tish uchun sharoitlar yaxshiroq ekanini anglatadi.
Qozog‘iston eng yuqori natijani moliyaviy sharoitlar bo‘yicha ko‘rsatib, 79 ball oldi. Hayot sifati va sog‘liqni saqlash, shuningdek xavfsizlik va barqarorlik yo‘nalishlarida mamlakat 60 balldan to‘pladi. Eng past baho esa ko‘chib o‘tish va moslashish sharoitlari bo‘yicha berilgan — 51 ball.
Mintaqaviy reytingda Qozog‘istondan keyin O‘zbekiston 59,9 ball bilan, Qirg‘iziston esa 59,3 ball bilan joylashdi. Markaziy Osiyo davlatlari beshtaligini Tojikiston (55,1 ball) va Turkmaniston (52,3 ball) yakunlaydi.
Taqqoslash uchun, Gruziya 69,3 ball (192 mamlakat orasida 14-o‘rin), Ozarbayjon — 61,5 ball, AQSH — 60 ball, Rossiya — 58,9 ball, Xitoy esa 58,6 ball olgan.
Jahon reytingida birinchi o‘rinni 72,8 ball to‘plagan Estoniya egallagan. Reyting tuzuvchilari ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatga yuqori o‘rinni rivojlangan bank tizimi, qulay biznes muhiti, uy-joydan foydalanish imkoniyatlari va yashil hududlarning ko‘pligi ta’minlagan. Tadqiqotchilar yetakchi davlatning yagona sezilarli kamchiligi sifatida iqlimni qayd etgan: sovuq va qorong‘i qishlar sabab bu ko‘rsatkich bo‘yicha Estoniya 100 balldan atigi 20 ball olgan.
Birinchi o‘nlikka shuningdek Singapur (72,6 ball), Malayziya (72 ball), Portugaliya (71,6 ball), Tayvan (71,4 ball), Litva (71 ball), Gonkong (71 ball), Sent-Kits va Nevis (70,3 ball), Chexiya (69,9 ball) hamda Malta (69,8 ball) kirgan.
Ko‘chib o‘tish uchun eng yomon mamlakat deb Afg‘oniston tan olingan (39,5 ball). Barcha mezonlar orasida bu mamlakat eng yuqori bahoni «Uy-joyning hamyonbopligi» (Housing affordability) ko‘rsatkichi bo‘yicha olgan — 100 balldan 97 ball. Shu bilan birga, mamlakat profilida qayd etilishicha, xorijliklarga umuman yer yoki ko‘chmas mulkka egalik qilish taqiqlangan, ijara shartnomalari esa ishonchli huquqiy himoyaga ega emas.
Umumiy reytingdan tashqari, Rumavi beshta maxsus ro‘yxat ham tayyorlagan bo‘lib, ularda ko‘chib o‘tish maqsadlariga qarab bir xil 24 ta mezon turlicha ahamiyatga ega bo‘lgan. Alohida indekslar oilalar, nafaqaxo‘rlar, raqamli ko‘chmanchilar, tadbirkorlar va asosiy ustuvorligi soliq yuki bo‘lgan shaxslar uchun tuzilgan.
Qozog‘iston barcha besh reytingda ham mintaqa yetakchiligini saqlab qolgan. O‘zbekiston va Qirg‘iziston esa toifaga qarab o‘rinlarini almashtirgan. Nafaqaxo‘rlar va raqamli ko‘chmanchilar uchun tuzilgan reytinglarda O‘zbekiston Qirg‘izistondan yuqori o‘rinda bo‘lsa, tadbirkorlar va soliq yo‘nalishidagi reytinglarda aksincha holat kuzatiladi.
Tojikiston va Turkmaniston barcha maxsus reytinglarda ham mintaqada doimiy ravishda oxirgi ikki o‘rinni egallab kelmoqda. Bu ularning umumiy reytingdagi o‘rniga ham mos keladi.
Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, Global Relocation Index mustaqil loyiha hisoblanadi va u tijoriy manfaatlar bilan bog‘liq emas. Shuningdek, reytingga kiritilgan mamlakatlarning vizalari yoki pasportlarini sotmaydi. Reyting tuzuvchilarining qayd etishicha, indeksni ko‘chib o‘tish bo‘yicha tayyor tavsiya sifatida emas, balki mamlakatlarni solishtirish vositasi sifatida ko‘rib chiqish kerak.



