Qozog‘iston neftining asosiy qismi eksport qilinadigan Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) orqali neft yuklash yana uzilishlar bilan amalga oshirilmoqda. Bunga Qora dengiz terminali hududida davom etayotgan uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlari hamda tankerlar yetishmasligi sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Reuters agentligi sohadagi sakkiz nafar manbasiga tayanib xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir sutka davomida KQK terminali ikki marta ishini to‘xtatib, keyin yana faoliyatini tiklagan. Biroq, 5 avgust kuni ertalab neft yuklash yana to‘xtatilgan.
Manbalardan biri yuklash jadvali doimiy ravishda o‘zgarib turganini ta’kidladi.
«Ayrim yuklar qayta yuklash jadvalida turibdi, ammo ularni yuklash bosqichigacha yetib bormaydi. Bir partiya uchun allaqachon uch xil turli kema almashtirildi. Vaziyat har kuni o‘zgarmoqda», — deydi KQK orqali neft eksport qiladigan kompaniya vakili.
Vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan omillardan biri — ko‘plab kema egalari dronlar hujumi xavfi sabab o‘z tankerlarining Qora dengiz akvatoriyasi va Rossiya portlariga kirishini taqiqlayotganidir. Avvalroq transport kompaniyasi FESCO ham Qora dengiz orqali tashishlar uchun yangi buyurtmalarni vaqtincha qabul qilishni to‘xtatganini ma’lum qilgan.
KQK izoh berishdan bosh tortdi. Qozog‘iston Energetika vazirligi esa Reuters so‘roviga tezkor javob bermadi.
Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, eksportdagi uzilishlar neft bozoriga allaqachon ta’sir ko‘rsatgan. Avgust oyida yuklanadigan CPC Blend nefti partiyalari narxi pasaygan: joriy haftada ular Brent etalon naviga nisbatan deyarli barreliga 4 dollar arzon narxda taklif qilingan. Vaholanki, bir necha hafta oldin ular etalon navga nisbatan ustama narxda sotilgan edi. Yetkazib berishdagi kechikishlar va fraxt xarajatlarining oshishi xomashyoni xaridorlar uchun kamroq jozibador qilgan.
KQK orqali Qozog‘iston eksportidagi neft hajmining 80 foizdan ortig‘i o‘tadi. Bu neft Tengiz, Qashag‘an va Qorachig‘anoq konlaridan keladi. Dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyati bo‘lmagani sababli, Qozog‘iston neftini jahon bozorlariga yetkazib berishda asosan Rossiya infratuzilmasidan foydalanadi. Gruziya va Xitoy orqali o‘tuvchi muqobil yo‘nalishlar mavjud, ammo ularning o‘tkazish quvvati cheklangan.
Iyul oyi oxirida Qozog‘iston Energetika vazirligi terminal hududidagi dronlar hujumlariga qaramay, KQK faoliyatini to‘liq to‘xtatish ehtimolini ko‘rib chiqmayotganini ma’lum qilgan edi. Shu bilan birga, uzilishlar Qozog‘istonda iyul oyida neft qazib chiqarish hajmini iyun oyiga nisbatan taxminan 14 foizga kamayishiga olib kelgan. Shu sharoitda «Tengizshevroyl» kompaniyasi avgust oyida muqobil yo‘nalish sifatida temir yo‘l orqali Gruziyaning Batumi portiga qariyb 100 ming tonna neft eksport qilishni rejalashtirmoqda.



