To‘yda “shayton malaylari” va “urg‘ochilar”ga oid janjalli tostidan so‘ng qozog‘istonlik erkak ushlandi

Videodan kadr

Qozog‘istonning Turkiston viloyatida yashovchi fuqaro to‘yda aytgan janjalli gaplaridan so‘ng ushlandi. U to‘ylarda musiqa va san’atkorlar chiqishlaridan voz kechishga chaqirgan, shuningdek, ayollarni haqorat qilgan. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Tekshiruv boshlanishiga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video sabab bo‘ldi. To‘ydagi tost vaqtida 66 yoshli erkak marosimlar musiqasiz, san’atkorlar chiqishlarisiz va alkogolsiz o‘tishi kerakligini aytgan, shuningdek, erkaklar va ayollarni alohida o‘tqazish lozimligini ta’kidlagan. U xonandalarni «shayton malaylari» deb atagan va ayollarga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatib, ularni «urg‘ochilar» deb atagan.

To‘yda mehmon sifatida qatnashgan va mazkur xabarni e’lon qilgan ayol bunday bayonotlardan qattiq norozi bo‘lganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘yda o‘tirgan erkaklardan hech biri bu shaxsdan onalar, rafiqalar, opa-singillar va qizlar haqida aytgan so‘zlari uchun uzr so‘rashni talab qilmagan.

Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, videolavha tarqatilgani yuzasidan diniy va ijtimoiy adovat qo‘zg‘ash haqidagi modda bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Vazirlik Qozog‘iston dunyoviy, huquqiy va ijtimoiy davlat ekanini, unda inson huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat hisoblanishini eslatadi. Shu bilan birga, so‘z erkinligi javobgarlikdan ozod qilmasligi ta’kidlangan.

«Inson qadr-qimmatini kamsituvchi, ayollarni haqorat qiluvchi, diniy yoki ijtimoiy adovat qo‘zg‘atuvchi yoki jamoat totuvligini buzishga qaratilgan ommaviy bayonotlarga qonun hujjatlariga muvofiq huquqiy baho beriladi», — deb ta’kidlaydi Ichki ishlar vazirligi.

Vaziyatga Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi (QMDB) ham munosabat bildirgan. Muftiylik ta’kidlanishicha, islom musiqani umuman taqiqlamaydi. Din ulamolarining so‘zlariga ko‘ra, ezgulikka, ota-onalarga hurmatga, Vatanga muhabbatga va ma’naviy hamda milliy qadriyatlarni asrashga chaqiruvchi asarlarga ruxsat etiladi.

QMDB shuningdek, san’at vakillarini ommaviy ravishda haqorat qilish hamda ayollarni kamsitish islom me’yorlariga zid ekanini va bunday holatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qayd etgan.

So‘nggi yillarda Qozog‘iston hukumati diniy radikalizmga qarshi kurashni izchil kuchaytirib bormoqda. Qosim-Jomart To‘qayev 2025 yil iyun oyida jamoat joylarida yuzni to‘sib turuvchi kiyim-kechakni taqiqlovchi qonunni imzolagandi. Hujjatda aynan qaysi turdagi kiyim nazarda tutilgani aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, tez orada bu taqiq niqob va paranjilar bilan bir qatorda yuzni to‘liq yopadigan diniy kiyimlarga ham taalluqli ekani ma’lum bo‘ldi. Prezident niqobni arxaik kiyim shakli deb atab, uni Qozog‘iston ayollariga radikal kayfiyatdagi neofitlar tomonidan singdirilayotgan odat sifatida baholagan edi.