Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga Qozog‘istonga kirish uchun pullik elektron ruxsatnomalar berish rejalashtirilmoqda. Tegishli qaror loyihasini respublika Ichki ishlar vazirligi ishlab chiqqan. Uning qisqacha tavsifi «Ochiq NHA» portalida e’lon qilingan, biroq hujjatning o‘zi hozircha joylashtirilmagan.
Loyihada mamlakatga kirish uchun elektron ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun to‘lov joriy etish nazarda tutilgan. To‘lov miqdori va yangi qoidalar qaysi toifadagi chet el fuqarolariga tatbiq etilishi hozircha ochiqlanmagan.
Tushuntirish xatida qayd etilishicha, mazkur tizim migratsiya oqimlarini yanada shaffof va tezkor hisobga olishni ta’minlashi kerak. Tushadigan mablag‘lar xizmatni texnik qo‘llab-quvvatlash, raqamli infratuzilmani modernizatsiya qilish va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishga yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda.
Tizimni joriy etish 2026 yil avgustidan dekabrigacha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan. E’lon qilingan qisqacha loyiha 17 avgustgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.
Bu tashabbus hukumatning migratsiya nazoratini kuchaytirish siyosati fonida ilgari surilmoqda. O‘tgan yil iyul oyi oxirida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida migratsiya siyosatini zamonaviy geosiyosiy sharoitlar, demografik chaqiriqlar va yangi migratsiya tendensiyalariga moslashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. U noqonuniy migratsiyaning oldini olish choralarini kuchaytirish, tegishli davlat organlari vazifalarini qayta ko‘rib chiqish va ushbu sohadagi axborot tizimlarini to‘liq integratsiya qilishni talab qilgan. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha davlat rahbari migratsiya oqimlarini hisobga olish va nazorat qilish uchun raqamli yechimlar samaradorligini oshirishni ham topshirgan.
Hozirgi vaqtda 50 dan ortiq davlat fuqarolari Qozog‘istonga vizasiz kirishi mumkin. Vizasiz tartib, jumladan, MDH mamlakatlari fuqarolari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari fuqarolari uchun qisqa muddatli safarlar chog‘ida amal qiladi.



