Tojikistonda ikki nafar tojik jurnalisti — 49 yoshli Abdusattor Pirmuhammadzoda va 43 yoshli Zavqibek Saidaminlar ozodlikka chiqarildi. Bu haqda «Aziya-plyus» nashri xabar berdi.
Ular to‘rt yildan ortiq vaqt davomida qamoqda o‘tirgan. Joriy yil iyun oyida Tojikiston prezidenti tomonidan mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan amnistiya doirasiga tushgan. Jurnalistlar 18 iyul kuni ertalab ozodlikka chiqishgan.
Zavqibek Saidamin Dushanbe shahridagi «Birinchi Sovet» nomi bilan tanilgan jazoni ijro etish muassasasida saqlangan. Abdusattor Pirmuhammadzoda esa deyarli uch yil Xo‘janddagi koloniyada bo‘lgan, keyin esa «bir voqeadan so‘ng» Dushanbe shahridagi 1-sonli tergov hibsxonasiga o‘tkazilgan.
Ikkalasi ham Tojikiston Davlat teleradiokompaniyasining sobiq xodimlari bo‘lgan. Ular hibsga olinishidan bir necha yil oldin YouTube videoplatformasida kanallar yuritgan. Zavqibek Saidaminning jami qariyb 15 ming nafar, Abdusattor Pirmuhammadzodaning esa taxminan 40 ming nafar obunachisi bo‘lgan. Ular videoroliklarida dolzarb ijtimoiy mavzularni ko‘tarishgan.
Jumladan, Saidamin Qirg‘iziston bilan chegara mojarolari va harbiy xizmatga borishi zarur bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilayotgan noqonuniy usullar kabi muammolar haqida so‘z yuritgan. Pirmuhammadzoda esa so‘z erkinligi va mamlakat hukumati tomonidan sodir etilgan adolatsiz harakatlar haqida fikr bildirgan.
Jurnalistlar 2022 yil 8 va 9 iyul kunlari Vahdat shahrida taqiqlangan tashkilotlar bilan hamkorlik qilish gumoni bilan hibsga olingan. Ular o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan. Shunga qaramay, ular Jinoyat kodeksining 307-moddasi («Ekstremistik hamjamiyat tuzish») bo‘yicha aybdor deb topilib, yetti yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Saidaminga nisbatan hukm 2022 yil noyabr oyida, Pirmuhammadzodaga nisbatan esa dekabr oyida chiqarilgan.
«Aziya-plyus» ma’lumotlariga ko‘ra, ozodlikka chiqqan jurnalistlarning sog‘lig‘i davolanishni talab qiladi. Saidamin jurnalistikaga qaytishni rejalashtirmoqda, Pirmuhammadzoda esa bu masalada fikr bildirmagan.



