Tojikistonning Tog‘li-Badaxshon avtonom viloyati rahbari Alisher Mirzonabot yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi. Uning xizmat avtomashinasi Pyanj daryosiga qulab tushgani haqida respublika Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 17 iyun kuni taxminan soat 10:40 da sodir bo‘lgan. Toyota Land Cruiser haydovchisi yuqori tezlikda Dushanbe — Xorog yo‘nalishida harakatlangan. Darvoz tumanidagi Zigar va Yaxchisar qishloqlari oralig‘ida u boshqaruvni yo‘qotib, muhandislik-chegara to‘sig‘iga urilib ketgan. Avtomobil ikki ustunni ag‘darib, sim to‘siqni buzib o‘tib, Pyanj daryosiga qulab tushgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, transport vositasida Alisher Mirzonabot, uning turmush o‘rtog‘i va ikki yashar qizalog‘i, shuningdek, hudud rahbari yordamchisi Sadonsho Janalbishoyev hamda haydovchi Sino Muborakshoyev bo‘lgan.
Hodisa joyida davlat raqam belgisi va transport vositasining ayrim qismlari topilgan. Qutqaruvchilar jasadlarni qidirish ishlarini davom ettirmoqda, chunki “qizg‘in izlar orqali” olib borilgan dastlabki qidiruvlar natija bermagan. Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi (FVQ) ma’lum qilishicha, hodisa paytida xizmat avtomashinasida besh kishi bo‘lgani tasdiqlangan.
Emomali Rahmon topshirig‘iga ko‘ra, hodisa joyiga Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Saymumin Yatimov, Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi rahbari Rajabali Rahmonali hamda boshqa mas’ullar yetib kelgan. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha tergov ishlari davlat rahbari shaxsiy nazoratida olib borilmoqda.
17 iyun kuni Emomali Rahmon hamda parlament va boshqa qator davlat amaldorlari halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
ℹ️ Alisher Mirzonabot 2021 yil noyabridan beri Tog‘li-Badaxshon avtonom viloyati rahbari lavozimida faoliyat yuritgan. Shu bilan birga u Tojikiston parlamentining yuqori palatasi rais o‘rinbosari ham bo‘lgan. Ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin u hududiy markaz — Xorug‘ shahri meri sifatida ishlagan, 2018 yilgacha esa Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari o‘rinbosari bo‘lgan.
Inson huquqlari himoyachilari fikricha, Mirzonabotning hokimiyatga kelishi bilan Tog‘li-Badaxshon avtonom viloyatida vaziyat keskinlashgan, noroziliklar yuzaga kelgan va bu holatlar repressiyalar hamda “maxsus operatsiyalar” bilan kuzatilgan, oqibatda qurbonlar bo‘lgan. Biroq rasmiy hukumat uni hududda tartib o‘rnatgan rahbar sifatida yuqori baholagan.



