Mirziyoyev O‘zbekistonda 10 milliard dollarlik “sukuk” chiqarilishi va 6 milliard dollarlik davlat mulki xususiylashtirilishini ma’lum qildi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Shavkat Mirziyoyev 17 iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston 10 milliard dollar miqdorida suveren islomiy obligatsiyalar — “sukuk” chiqarish orqali mablag‘ jalb qilinishini, joriy yil davomida davlat mulkini 6 milliard dollar hajmida xususiylashtirishni rejalashtirganini ma’lum qildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident ta’kidlashicha, sukuk dasturi investitsiya oqimlarini diversifikatsiya qilish, ya’ni mablag‘ manbalarini kengaytirish maqsadida joriy etiladi.

«Bular korxonalarimizga kelgusida kamida 10 milliard dollar qo‘shimcha kapital olib kelish uchun katta turtki beradi», — deb ta’kidladi Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti tomonidan bildirilgan bu yangi moliyaviy instrumentlar kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha umumiy islohotlar paketiga kiritilgan.

Prezident o‘z chiqishida “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun hamda “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish rejalari haqida ma’lum qildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda xalqaro kliring kompaniyalari faoliyati uchun keng imkoniyatlar ochish mo‘ljallanayotgani aytildi.

O‘zbekiston shu paytga qadar xalqaro bozorlarda 16 milliard dollardan ortiq obligatsiyalar joylashtirgani qayd etildi. Shuningdek, milliy valyutadagi korporativ yevroobligatsiyalar ham muomalaga chiqarilgan.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent va London fond birjalariga “Milliy investitsiya fondi”ning 30 foiz aksiyalari chiqarilganini ma’lum qildi. Ushbu fond 13 ta strategik korxona aktivlariga egalik qiladi. Prezidentning ta’kidlashicha, bu so‘nggi besh yil ichida London fond birjasida amalga oshirilgan eng yirik birinchi ommaviy aksiya chiqarish (IPO) bo‘lgan.

U yana bir qator yirik kompaniyalar IPOga tayyorlanayotganini qo‘shimcha qildi.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek joriy yilda keng ko‘lamli xususiylashtirish o‘tkazilishini e’lon qildi. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 6 milliard dollar bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari, davlat ulushlari va yer uchastkalari auksionga chiqariladi. Prezident mahalliy va xorijiy investorlarni ushbu yangi imkoniyatlardan keng foydalanishga chaqirdi.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarni yuqori texnologiyali sohalarga ham investitsiya kiritishga chaqirdi.

Prezident mashinasozlik, robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika va farmatsevtika kabi “drayver” sohalarda jami 20 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishni taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar va investorlarni tog‘-kon sanoatiga ham sarmoya kiritishga chaqirdi. U geologiya-qidiruv va foydali qazilmalarni qazib olish sohasida imkoniyatlar kengaytirilayotganini ta’kidladi.

Bu maqsadda ochiq raqamli geologik ma’lumotlar bazasi yaratilayotgani, shuningdek auksionga chiqariladigan konlar soni 4 barobar oshirilishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Toshkent va Samarqand viloyatlarida tashkil etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklariga ham investitsiya kiritish taklif etildi. Unda “qazib olishdan tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida ishlash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, “yashil” energetika sohasi ham ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Investorlar quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda “yashil” energiya asosida ishlaydigan data-markazlar qurilishida ishtirok etishga chaqirildi.

Shavkat Mirziyoyev investorlarni sun’iy intellekt (SI) sohasiga ham sarmoya kiritishga chaqirdi. U Qoraqalpog‘istonda II loyihalari va data-markazlar uchun maxsus zona tashkil etilganini eslatdi. Ushbu hududda investorlar 2040 yilgacha barcha turdagi soliqlar va bojlardan ozod etiladi. Shuningdek, elektr energiyasi tarifi 1 kVt·soat uchun 5 sent etib belgilanadi. Bundan tashqari, mamlakatda Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Prezident shuningdek, davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida infratuzilma loyihalariga 27 milliard dollar hajmida investitsiyalar jalb qilish imkoniyatlari haqida ham to‘xtaldi. Shu bilan birga, iqtisodiyotning boshqa istiqbolli sohalari ham investorlar uchun ochiq ekani ta’kidlandi.

Nutq yakunida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston uchun investitsiyalar faqat iqtisodiy resurs emas, balki ilg‘or texnologiyalar, bilimlar va tajribani jalb qilish vositasi ekanini ta’kidladi.

«Har qanday buyuk orzu va niyatni hayotga to‘la tatbiq etishda asosiy hamkor, hech shubhasiz, ezgu niyatli investorlar, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois, diyorimizga katta ishonch va g‘oyalar bilan kelayotgan xorijiy sarmoyadorlarga Yangi O‘zbekistonning eshiklari hamisha ochiq. Prezident sifatida shaxsan o‘zim va Hukumatimiz yoningizda yelkadosh bo‘lishga doim tayyormiz», — dedi Mirziyoyev.